Vacancy.argos.uz: ochiqlik va shaffoflik – bosh mezon
Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq, Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali ishga tushirildi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalar singari davlat boshqaruvi va inson resurslarini rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilab berildi. Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri – kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yish ekani ta’kidlandi.
Yangi O‘zbekistonda jamiyatning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi rahbar va boshqaruv kadrlar tizimini yangilash sohasida ham islohotlar jarayoni boshlandi va izchillik bilan olib borilmoqda. Bu jarayon yangidan tarkib topayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning mohiyatini anglab, mustaqillik talablariga javob beradigan yangi rahbar kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ilk bosqichlarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va joy-joyiga qo‘yish sohasida salmoqli natijalarga erishildi va milliy mentalitetga mos tizim shakllantirildi.
Biroq milliy tajriba bugungi kunga kelib davlat organlari va tashkilotlari malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlanmayotgani, kadrlar malakasi yuklatilgan vazifalar, zamonaviy ehtiyojlarga nomuvofiqligi, qabul qilinayotgan qarorlar sifati pastligiga olib kelayotgan bir qator tizimli muammolar kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimida yangi islohotlar o‘tkazilishini taqozo etayotir. Ammo davlat fuqarolik xizmatiga kirish istagini bildirgan nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega qonun mavjud emas. Shu va boshqa kadrlar siyosati bilan bog‘liq bo‘lgan tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari, tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish va kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan meritokratiya tamoyili qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi.
Taraqqiy etgan davlatlar tomonidan namuna sifatida olingan davlat fuqarolik xizmati sohasida boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etishdagi asosiy vazifalardan biri “ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlab olish” ekanini ko‘rish mumkin. Bunda eng iqtidorli, kompetensiyalari yuqori bo‘lgan xodimlar meritokratiya tamoyili asosida bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinadi.
Meritokratiya o‘zi nima va u qachon paydo bo‘lgan?
Meritokratiya (so‘zma-so‘z tarjima qilinganida “munosib kuch”, lotincha “meritus” – “loyiq” va qadimgi yunoncha “hokimiyat, hukumat” ma’nolarini bildiradi) boshqaruv tamoyilidir. Unga ko‘ra, shaxslarning ijtimoiy va moliyaviy jihatidan qat’i nazar, eng qobiliyatli odamlar yetakchi o‘rinlarni egallashi kerak bo‘ladi. Bu tushunchani ilk bor Konfutsiy falsafasi doirasida uchratish mumkin. Bir qator tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Xitoy tarixining ba’zi davrlarida meritokratik tizim tatbiq etilgan bo‘lib, Xun sulolasi davrida 3 bosqichli imtihonlar tizimi keng qo‘llanilgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlarda Buyuk Britaniyada imtihonlardan o‘tishni talab etadigan kasblar (yuristlar, shifokorlar) ko‘plab ishchilar qatlamidan bo‘lgan odamlarning o‘rta sinfga o‘tishiga yordam berdi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida meritokratiya prinsipi allaqachon tatbiq etilgan va amerikaliklar har kim shaxsiy yutuqlari faqat uning qobiliyatiga, mehnatsevarligiga, munosabati hamda axloqiga bog‘liq ekaniga ishonishadi.
Salohiyat, bilim ochiq tanlovda sinaladi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish doimiy ravishda tashkillashtirilmoqda. Shu maqsadda, Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishlab chiqildi. Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni munosib kadrlar bilan to‘ldirish uchun “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni mehnat va kadrlar ishiga oid barcha internet platformalari mazkur portal bilan integratsiyalashgan.
Portal interaktiv bo‘lishi bilan birga nomzodlar uchun qator imkoniyat va qulayliklarni taqdim etadi. Masalan, tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar bir yo‘la davlat organining uchtagacha bo‘sh ish o‘rni uchun ariza topshirishi mumkin. Ariza yuboriladigan tashkilotlar soni chegaralanmagan. Vakant ish joyiga bo‘lgan malakaviy talablar ish beruvchi tomonidan barcha uchun teng tamoyil asosida belgilanadi.
Bu amaliyot qog‘ozbozlik va ortiqcha yozishmalardan xoli bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan kadrlar tashkilotma-tashkilot hujjatlarni ko‘tarib ovora va sarson bo‘lmaydi. Turli idoralardan ortiqcha ma’lumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Nomzod haqidagi barcha ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda o‘z arizasida aks etadi.
Meritokratiya tamoyili orqali bugungi kunga kelib portal orqali 60 dan ortiq vazirlik va idoralar hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 33 mingdan ortiq tanlov e’lon qilinib, 450 mingdan ortiq nomzod ishtirok etgan. Vakant lavozimlarning 1 256 tasi — hujjat topshirish jarayonida, 11 123 tasi — hujjat topshirish muddati tugallanib, test va suhbat o‘tkazish jarayonida, 19 805 tasida esa tanlov yakuni yetgan. Davlat xizmatiga kirish uchun hujjat topshirgan nomzodlarning 20 foizi — 70 mingdan ortig‘i xotin-qizlarni tashkil etadi.
Ayni paytgacha ushbu platforma orqali tashkil etilgan tanlovlar natijalariga ko‘ra, 8 200 dan ortiq eng munosib nomzod davlat organi va tashkilotlariga ishga qabul qilindi. Tanlov g‘oliblarining 1016 nafarini xotin-qizlar, 2012 nafari — 30 yoshgacha bo‘lgan, 1092 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.
Bu tizimni joriy etishga tashkilot va idoralarning kadrlar bo‘linmalari qay darajada tayyor, ular yangicha tizimning drayveri bo‘la oladimi?
2020 yilning sentyabr-oktyabr, o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, tuman-shahar hokimlarining kadrlar bo‘linmalari rahbarlari uchun “Inson resurslarini boshqarish”, “Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishning zamonaviy usullari” mavzularida masofaviy shaklda malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. O‘quv jarayonlarida kadrlarni tanlash va ular bilan ishlash borasida zamonaviy usullarni qo‘llash, davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli kadrlarni jalb qilish, bu jarayonda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlarning eng kichik nuqtalarigacha bo‘lgan mezonlar yaqqol misollar va amaliy namunalar bilan ko‘rsatib berildi.
Natijaga qaratilgan reja
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari davlat reyestrini yuritish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portalini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Ochiq mustaqil tanlovlar o‘tkazilishi davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishiga, davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlashga olib keladi.
Ochiqlik va shaffoflik — bosh mezon
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining ko‘rsatmasiga muvofiq, hududlarda tanlovlarning test sinovi bosqichi Agentlik filiallarida markazlashgan holda tashkil etilayotgan bo‘lib, test va suhbat bosqichi jarayonlari real vaqt rejimida yoritilmoqda. Barcha onlayn jarayonlar havolasi Telegramdagi maxsus — vacancy online kanaliga tezkor joylashtirilmoqda.
Shuningdek, tanlov jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida g‘oliblar haqidagi ma’lumotlar Telegramdagi maxsus kanal — vacancy winners orqali e’lon qilib borilmoqda.
Bunday yondashuv davlat xizmatiga eng munosib, malakali kadrlarni byurokratik to‘siqlarsiz ochiq va adolatli tanlov jarayonlari orqali jalb etish imkonini beradi.
Abbos AKRAMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini
muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i