“Uzsalaman”ning xaridorgir mahsulotlari
Prezidentimiz rahnamoligida muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar xorijiy ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini tobora kuchaytirmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar xorijiy ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini tobora kuchaytirmoqda. Mamlakatimizning chekka hududlarida ham xorijlik hamkorlar bilan birgalikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili Farg‘ona viloyatida 54,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilgani buning yorqin isbotidir.Viloyatda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida 150 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning 2012-yil 10-apreldagi “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farg‘ona shahridagi “Uzsalaman” O‘zbekiston – Germaniya – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan poyabzallar allaqachon bozorda o‘z munosib o‘rniga ega. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan qo‘shma korxonada 20 dan ortiq turdagi xaridorgir poyabzal tayyorlanmoqda.
– O‘tgan yili 137 ming 700 juft poyabzal ishlab chiqarildi, – deydi qo‘shma korxona bosh direktori Ravshanbek Abdullayev. – Ichki bozordagi talab va takliflar asosida mahsulotning yangi turlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Poyabzalning bichimi, uslubi va dizayni yosh ishchi-xodimlarimiz tomonidan tayyorlanadi. O‘tgan yildan boshlab Farg‘ona shahridagi ikki kollejda qo‘shma korxonamiz uchun mutaxassislar tayyorlash maqsadida yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Korxonamizda mehnat qilayotgan 200 dan ziyod ishchi-mutaxassisning samarali ishlashi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.
Qo‘shma korxona mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan nufuzli ko‘rgazmalarda faol qatnashib, import o‘rnini bosuvchi, sifatli poyabzal mahsulotlari bilan sanoatimizning yuksak salohiyatini namoyish etib kelmoqda. Yaqinda Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ham “Uzsalaman” brendi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.