UzKAD tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda yer va mulk munosabatlarini tartibga solishda zamonaviy mexanizmlarning yo‘lga qo‘yilishi mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, joriy yil 1 yanvardan boshlab, kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi – UzKAD ishlab chiqilib, qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har bir ko‘chmas mulk ob’ektini identifikatsiyalagan holda bosqichma-bosqich ushbu tizimiga to‘liq o‘tkazilmoqda.
[gallery-13260]
UzKAD tizimiga Garov reyestri, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Ko‘chmas mulk ob’ektlari manzillari yagona reyestri, Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestri, O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reyestri, “Davlat mulki” axborot tizimi, Nodavlat notijorat tashkilotlar va ularning bo‘linmalari reyestri, litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlari va ko‘chmas mulk ob’ektlariga oid ma’lumotlar yuritilayotgan boshqa barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinadi hamda real vaqt rejimida onlayn ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Surxondaryo viloyatida birinchi bosqichda 1739 ta ko‘p qavatli uy to‘liq UzKAD tizimiga olib o‘tildi. Ikkinchi bosqichda 1124 ta maktab, 328 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tizimga yuklandi. Hozirda davlat ob’ektlarini UzKAD tizimiga olib o‘tish borasida keng ko‘lamli ish olib borilmoqda. Jumladan, yer maydonlarini UzKAD axborot tizimida hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan jami 2009,9 gektar yer maydondan 1798,2 gektar yer maydon hisobga olingan, 1572,4 gektar yer maydon ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat), O‘zA