Uy sotib oliş orzusi xavfga aylanmasligi kerak
Qurilişdagi muammolar minglab xaridorlar mablağlarini xavf ostiga qöymoqda. Fuqarolarning moliyaviy himoyasi qanday taʼminlanadi?
Uy uçun tölangan pullar kafolatlanadimi? Xaridorning puli kimning himoyasida? Ayrim quriliş kompaniyalari atrofida yuzaga kelayotgan mojarolar aynan şu savolni yana kun tartibiga olib çiqdi.
Quriliş kompaniyalari tomonidan uylarni topşiriş muddatlarining buzilişi, xaridorlar mablağlarining qaytarilmasligi, ayrim quriliş taşkilotlari rahbarlariga nisbatan jinoyat işlari qözğatilişi jamoatçilikda jiddiy xavotir uyğotmoqda. Eng açinarlisi, bunday vaziyatlarda fuqaro nafaqat uy-joysiz qolişi, balki yillar davomida töplagan mablağidan ham ayrilişi mumkin. Uy-joy bozoridagi bunday muammolarga munosabat bildirgan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantiriş milliy qömitasi xaridorlarning mablağlari işonçli himoya qilinişi şartligini taʼkidladi.
Muammoning ildizi quriliş kompaniyasi bilan xaridor örtasidagi munosabatlarning qançalik işonçli mexanizmlar asosida taşkil etilganiga borib taqaladi. Amalda fuqaro hali qurib bitkazilmagan xonadon uçun mablağ tölaydi. Quriliş kompaniyasi esa uşbu mablağlar hisobidan loyihani amalga oşiradi. Agar quriliş töxtab qolsa, kompaniya moliyaviy qiyinçilikka duç kelsa yoki öz majburiyatlarini bajara olmasa, eng katta tavakkalçilik xaridor zimmasiga tuşadi. Şu bois, uy-joy bozorida xaridor manfaatlarini himoya qilişning yangi moliyaviy mexanizmlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu borada muhim yeçim sifatida Eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etiş taklif qilinmoqda.
Xöş, Eskrou tizimi qanday işlaydi?
Soha vakillariga köra, Eskrou — xaridor va quriliş kompaniyasi örtasidagi moliyaviy kafolat vazifasini bajaradigan maxsus bank hisobvaraği tizimi. Bunda fuqaro xonadon uçun tölagan mablağini töğridan-töğri quriliş kompaniyasiga bermaydi, balki maxsus bank hisobvarağiga joylaştiradi. Pul belgilangan şartlar bajarilmagunça uşbu hisobvaraqda saqlanadi. Quriliş kompaniyasi esa mablağni faqat qonunçilikda belgilangan talablar bajarilganidan keyin olişi mumkin böladi. Buning natijasida quriliş taşkilotining xaridor mablağlaridan maqsadsiz foydalanişi, boşqa loyihalarga yönaltirişi yoki moliyaviy muammolar sababli fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazişi xavfi kamayadi. Mexanizmning yana bir muhim jihati — quriliş jarayoni uzluksizligini taʼminlaş imkoniyati. Agar loyihani amalga oşirayotgan kompaniya öz majburiyatlarini bajara olmasa, boşqa quriliş taşkilotini jalb etiş orqali obʼekt qurilişini yakunlaş imkoniyati ham közda tutilgan.
Uy-joy bozoridagi har qanday muammo faqat bitta kompaniya yoki muayyan loyiha doirasida qolib ketmaydi. Bir neçta quriliş taşkiloti faoliyati bilan boğliq salbiy holatlar butun sohaga nisbatan işonçning pasayişiga olib kelişi mumkin. Bu esa, öz navbatida yangi uy-joy xarid qilişni rejalaştirayotgan fuqarolarni ham, halol işlayotgan tadbirkorlarni ham qiyin ahvolga soladi. Şu nuqtai nazardan, Eskrou tizimini joriy etiş nafaqat xaridorlarning pullarini himoya qiliş, balki quriliş bozorida şaffoflik va masʼuliyatni kuçaytirişga xizmat qilişi kutilmoqda.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantiriş milliy qömitasi ham xaridorlar mablağlarining işonçli himoya qilinişi, quriliş kompaniyalari tomonidan şartnomaviy majburiyatlarning sözsiz bajarilişi hamda bozorda halol raqobat uçun teng şaroitlar yaratilişini sohaning muhim şartlari sifatida baholamoqda. Zero, uy-joy bozorida işonçni faqat yangi binolar, zamonaviy majmualar va çiroyli reklama bilan şakllantirib bölmaydi.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA