Uy bekalari va rasmiy ishlamaydigan ayollar ham dekret puli olishlari mumkin
O‘zbekistonda joriy etilgan yangi tartibga ko‘ra, endilikda rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badalini to‘lash orqali ushbu imkoniyatdan foydalana oladi.
Eng muhimi, buning uchun biror-bir sug‘urta idorasi yoki bankka borish shart emas — barcha jarayonlar “Baraka” mobil ilovasi orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Quyida ushbu tizimning tartib-qoidalari va muhim shartlari bilan tanishishingiz mumkin:
Dekret puli olishning asosiy shartlari
Agar ayol kishi rasmiy ish joyiga ega bo‘lmasa, nafaqa olish uchun quyidagi ikki shartdan biri bajarilishi kerak:
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lab borishi;
Ayol umuman ishlamagan taqdirda, uning uchun turmush o‘rtog‘i ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lab kelishi lozim. Muhim muddat: Dekret puliga ega bo‘lish uchun ixtiyoriy sug‘urta badallari kamida 10 oy davomida to‘langan bo‘lishi, shundan oxirgi 6 oyi esa uzluksiz bo‘lishi shart.
Badal va nafaqa miqdorlari qancha?
Eng kam oylik badal miqdori: Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM)ning 5 foizini, ya’ni hozirgi kunda 63 550 so‘mni tashkil etadi.
Maksimal nafaqa miqdori: Tayinlanadigan dekret puli MHTEKMning 5 baravaridan oshmaydi. Hozirgi kunda ushbu mablag‘ 6 355 000 so‘mga teng. (Badallar qanchalik muntazam va uzoq to‘lansa, nafaqa miqdori ham shunga yarasha yuqori bo‘ladi).
Nafaqani qanday qabul qilib olish mumkin?
Agar sizda hali “Baraka” ijtimoiy kartasi bo‘lmasa, xavotirlanishga hojat yo‘q. Nafaqa tayinlangan vaqtda mobil ilova orqali siz uchun avtomatik ravishda virtual ijtimoiy karta ochiladi va mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu kartaga o‘tkazib beriladi.
Jarayon juda oddiy:
“Baraka” mobil ilovasini telefoningizga yuklab oling;
Ilovadagi “Ijtimoiy sug‘urta” bo‘limiga o‘ting;
Ixtiyoriy badalni bir necha soniya ichida onlayn to‘lang.
Bu borada qo‘shimcha ma’lumot uchun 1070 (Qo‘llab-quvvatlash markazi)ga murojaat etish mumkin.
Umuman olganda, yangi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi farzandli bo‘lish davrida ayollarning ijtimoiy va moliyaviy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim mexanizmlardan biridir. Rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan ayollar uchun ham ixtiyoriy sug‘urtaga qo‘shilish imkoniyati yaratilgani esa ijtimoiy himoya doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA