Ustuvor vazifalar belgilandi
Nukusda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi hamda “Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlashning ustuvor vazifalari” yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbirlarda shahar va tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining shahar va tuman bo‘limlari rahbarlari, hududiy “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, nuroniylar, mahalla yettiligining faol a’zolari, harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirlarning ishtirokchilariga Murojaatnoma hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi.
Uchrashuvlar davomida davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar asosida barcha mahallalarda yettilik tomonidan bajariladigan ishlar, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash hamda targ‘ibot ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Tinchlik, barqarorlik va shukronalik tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgan targ‘ibot va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yoshlar bilan ishlash, ularda Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ko‘nikmalarini oshirish to‘g‘risida tavsiyalar berildi.
[gallery-27178]
Shu bilan birga, “Shijoat” loyihasi doirasida yoshlarning hududlardagi harbiy qismlarga tashrifi, ziyolilar hamda ijodkorlarning harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish, harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi, harbiy mashg‘ulotlar, yoshlar uchun “Harbiy qismda bir kunim”, “Mushoira oqshomlari” tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan Nukus garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazida muddatli harbiy xizmatchilar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi va yosh harbiy xizmatchilar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari