Ustoz Said Ahmad yodi
10 iyun - O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adib Said Ahmad tavallud topgan kun.
Ustoz adib o‘zining badiiy mukammal asarlari bilan milliy adabiyotimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Mislsiz xizmatlari uchun Said Ahmad “Buyuk xizmatlari uchun” va “Do‘stlik” ordenlari hamda “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” kabi sharafli unvonlarga sazovor bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra, Said Ahmad 1920 yil Toshkentda ishchilar oilasida tug‘ilgan. U mehnat faoliyatini barvaqt boshlagan. O‘tgan asrning 30-yillari boshlaridayoq yosh jurnalist va ijodkor sifatida qishloq xo‘jaligi kollektivlashuvida va aholining savodsizligiga barham berishda faol ishtirok etgan. Katta xalq qurilishlarida muxbir bo‘lib ishlagan.
Adabiyotshunoslarga ko‘ra, 30-yil boshlari, 40-yil oxirlarida “Qizil O‘zbekiston” gazetasining sahifalarida, “Mushtum” va “Sharq yulduzi” jurnallarida o‘zining ocherk va hikoyalarini chop etadi, radioda ham faol ishlaydi. 30-yil oxirlaridan Said Ahmad badiiy nasr janrida samarali ijod qiladi, uning birinchi hikoyalar to‘plami “Tortiq” 1940 yil nashr etilgan. “Jimjitlik” romanida turg‘unlik davri illatlari fosh etiladi. 40-yillar uning “Er yurak” (1942), “Farg‘ona hikoyalari” (1948), “Muhabbat” (1949) kabi to‘plamlari nashr etilgan.
50-yillar boshi, 60-yillar oxirida Said Ahmadning ijodi yanada yuqoriroq badiiy darajaga ko‘tariladi. U o‘nlab lirik va hajviy hikoyalar yaratib, o‘zbek adabiyotining hikoya janri rivojida muayyan o‘ringa ega bo‘lgan. Bu yillar Said Ahmad ijodida yangi mavzu alohida e’tiborga loyiq – bu Markaziy Farg‘onaning bo‘z yerlarini o‘zlashtiruvchilar hayotining aks etish mavzusidir. Bu hikoyalar “Cho‘l burguti”, “Cho‘l shamollari” va “Tunlar va cho‘llar” kabi to‘plamlardan joy olgan. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi o‘zbek adabiyotidagi yirik hodisa sanaladi.
Said Ahmadning "Jimjitlik" romani, nasriy asarlari jamlangan "Qorako‘z majnun" kitobi, "Yo‘qotganlarim va topganlarim" asari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish. Ustoz ijodkor pesalari asosida sahnalashtirilgan "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "Kuyov", "Farmonbibi arazladi" kabi spektakllar milliy teatr san’atimiz shuhratiga shuhrat qo‘shdi. Ayniqsa, "Kelinlar qo‘zg‘oloni" asari nainki yurtimiz, balki dunyo sahnalarini ko‘rgani bilan ham ahamiyatlidir.
N.Usmonova, O‘zA