Ustoz mehnati — kelajak poydevori
FOTOGALEREYA
Inson hayotida ustozning o‘rni beqiyos. Zero, har bir kasb egasining kamoloti, avvalo, unga ta’lim va tarbiya bergan o‘qituvchi mehnati bilan bog‘liq. Ustoz nafaqat bilim beradi, balki yosh avlod qalbida ezgulik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantiradi.
[gallery-31720]
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularning sharafli va mas’uliyatli mehnatini e’tirof etishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bugun ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar oldida yangi avlodni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan va tashabbuskor yoshlarni tarbiyalashdek ulkan vazifalar turibdi. Bu jarayonda pedagogning bilim va tajribasi bilan bir qatorda, uning shaxsiy namunasi, kasbga sadoqati va yangilikka intilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimiz maktab va ta’lim muassasalarida mehnat qilayotgan ustozlar orasida o‘z kasbiga fidoyi, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etayotgan, shogirdlari yutuqlaridan quvonch topayotgan pedagoglar ko‘p. Ularning sa’y-harakatlari natijasida yoshlar turli fan olimpiadalari, tanlov va musobaqalarda, xalqaro intellektual bellashuvlarda munosib natijalarga erishmoqda.
Ustoz mehnati samarasi esa bir kun yoki bir yil bilan o‘lchanmaydi. Bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchining ertangi muvaffaqiyatida uning birinchi o‘qituvchisi bergan saboq, aytgan nasihati va ko‘rsatgan yo‘li mujassam bo‘ladi. Shu ma’noda, o‘qituvchi mehnati jamiyat kelajagiga qo‘shilgan eng muhim hissalardan biridir.
Fotogalereyamizda ta’lim muassasalaridagi qizg‘in jarayonlar, ustoz va shogird muloqoti, dars va mashg‘ulotlar, shuningdek, kasb bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlardan lavhalar jamlangan.
Ustozga ehtirom – ilmga, ma’rifatga va kelajakka ehtiromdir.
O‘zA