Ustoz bor ekan, mehr bor, dunyo bor...
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Yurtimizda bayramlar ko‘p. Bunday bayramlar orasida alohida kasb bayramlari borki, unda soha vakillariga alohida e’zoz va ehtirom ko‘rsatiladi. Ana shunday bayramlar orasida esa eng qadrlisi, o‘qituvchi va murabbiylar kuni bo‘lib, har yili ushbu sana katta tantana bilan nishonlanadi.
Ustoz, murabbiy, o‘qituvchi, olim yana shu kabi so‘zlarning ma’nosi naqadar chuqur va zalvorli. Boshlang‘ich ta’lim maskani, maktab va oliygoh ostonasidan xatlagan inson borki, ustoz va murabbiy so‘zning qadri va mohiyatini yurakdan his qilishi aniq. Bu kasb egalarining mehridan bahramand bo‘lmagan inson dunyoda bo‘lmasa kerak. Necha-necha olimlar, davlat arboblari, din va dunyo ilmining yetakchilari ham, ustoz ko‘rgan, murabbiydan saboq olgan. Bu kasb borki, mehr bor, oqibat bor, ilm bor, dunyo bor.

Yosh ulg‘aygan sari insonda ortda qolgan yo‘liga nazar tashlashga ixtiyor paydo bo‘lib borar ekan. Maktab ostonasiga bosilgan ilk damlar ko‘z yumib-ochguncha ellik yetti yil bo‘libdi. Ilk bor qo‘limga ruchka tutib harf yozishni, surat chizishni, ota-onaga bo‘lgan mehrni qalbga singdirishni, Vatan tuyg‘usini yurakka joylashni o‘rgatgan ustozlarim yodimga tushdi.
Bugun ularning yodga olishni o‘zim uchun ham,, farz, ham qarz deb bildim. Sanoat opa, G‘ulomnazar aka, Karim aka, Po‘lat aka, Zikir aka, Rahimjon aka, Noyil aka, Soima opa, Ayzoda opa, E’tibor opa, Kamol aka, Zuhriddin aka, To‘lagan aka, Sanobar opa...
O‘tgan yillar o‘z so‘zini aytdi. Bugun ular safimizda bo‘lmasa-da, qalbimizda, ilmimizda va xotiramizda barhayot. Ulardan olgan saboqlarimiz hayotimiz davomida bizga yo‘lboshchi va maslahatgo‘y bo‘lib xizmat qilmoqda. Demak, ular barhayot, ular yashayapti.
Sharqda bir donishmanddan: “Inson qachon chinakamiga bu dunyoni tark etadi?” deb so‘rashganda, u: “Qachonki uni taniydigan, undan ilm olgan va ismini tilga oladigan oxirgi shogirdi vafot etganida”, deb javob bergan ekan.
Har yili bayram munosabati bilan ustozlarni yo‘qlab, o‘tganlarni yodga olamiz, hayotlari bilan yoshlik, maktab davrlarini eslaymiz. Mana bugun ham, tabarruk ustozimiz Muxtorjon ota xonadoniga keldik. Ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, o‘zimiz ham suyundik. Bir piyola choy ustida suhbat qurdik. Yoshlikka, sho‘xlik damlarga, beg‘ubor bolalikka qaytdik.
O‘tgan asrning oltmishinchi, yetmishinchi yillari institutni tamomlab, maktab dargohiga ishga kelgan paytlarini ustoz shunday eslaydi:

– U paytlar o‘qituvchi degan nom juda ulug‘ edi. Yosh maktab o‘quvchisidan katta bo‘lsang kim bo‘lasan deb so‘rasa, albatta, o‘qituvchi yoki uchuvchi bo‘laman deb javob berar edi. O‘qituvchining maoshi ham ancha barakali bo‘lgan. Oiladagi farzandlar tarbiyasi ularning moddiy ta’minoti erkak zimmasida bo‘lganligi uchun maktablarda erkak o‘qituvchilar ko‘pchilikni tashkil etgan. Ota-onalar farzandlarini uylashga, biror xonadonga sovchilikka borsa, o‘qituvchi ekan, qizimni berganim bo‘lsin, deb hech ikkilanmagan. O‘qituvchining obro‘si va maqomi mahalla ko‘yda, qolaversa jamiyatda juda yuqori bo‘lgan. Keyinchalik esa biroz soha xodimlariga e’tibor susaydi. Bu o‘z-o‘zidan tarbiyaga ham o‘quv sifatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozir esa butunlay boshqa zamon, boshqacha nazar bu, albatta, yaxshilikka.
Ustoz va murabbiylar jamiyatning ma’naviy poydevorini quruvchi, insonni komillikka yetaklovchi ulug‘ zotlardir. Ularni ulug‘lash, mehnatlarini qadrlash jamiyatdagi har bir insonning oliy vazifasi bo‘lmog‘i kerak.
– Endi ishlaydigan damlar keldi. Sharoitlar, imkoniyatlar bisyor. Qani edi bir aylanib navqiron bo‘lib qolsam-u, yana maktabga qaytsam, bilim berishga shaylansam. Prezidentimiz pedagoglarga katta imkoniyat yaratib bermoqda. Zamonaviy binolar, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan sharoitlar. O‘qituvchilarga bo‘lgan e’tiborni aytmaysizmi. Yuqori maoshlar, izlangan iqtidorli o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlar, dam olish uchun, sayohatga chiqish uchun imkoniyatlar, yana qanchadan-qancha imtiyozlar. Bu kabi e’tibor va e’tirofdan quvonamiz-da. Shunday sharoitda, albatta, ishlaging keladi-da. Ulug‘ yoshda bo‘lishimga qaramasdan g‘ayratim jo‘shib boryapti, – deydi Muxtorjon Mahmudov.

Tarixsiz kelajak yo‘q, deyishadi. Uzoq yillar maktabda tarix fanidan yoshlarga saboq bergan ustoz bilan o‘tmish va bugun haqida dildan suhbat qurdik. Muborak 81 yoshni qarshi olayotgan Muxtorjon otaning shijoati va hayotga bo‘lgan muhabbatiga havasimiz keldi.
Biz o‘zimiz ham, bugun ustoz degan nomga sazovor bo‘lib, sochga oq oralagan yoshga yetgan bo‘lsak-da, asl ustozlarimiz oldida doim bosh egib ta’zimdamiz.
Sharq falsafasida: “Ota-ona insonni ko‘kdan yerga olib tushsa (dunyoga keltirsa), ustoz uni yerdan ko‘kka (ma’naviyat cho‘qqisiga) ko‘taradi” deb bejiz aytilmagan. Ustozlarni ulug‘lash bu shunchaki bayramlarda ularni tabriklash emas, balki ular bergan ilmga amal qilish, jamiyatga foydali inson bo‘lish va ularning nomini doimo hurmat bilan tilga olishdir.
Aziz ustozlar, bizga bergan bilimingiz, bitmas-tuganmas sabringiz va kasbiy fidoyiligingiz uchun sizga katta rahmat!
Asror Sulaymonov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA.