“Usmon Nosir” spektakli – talabalar ijrosida
Namangan viloyatidagi ta’lim muassasalarida Prezidentimizning joriy yil 10 fevraldagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabalari Namangan farzandi bo‘lgan Usmon Nosir hayotini o‘rganish, she’rlarini yod olish, ijodini keng targ‘ib etish borasida yaxshi tashabbusga qo‘l urdi. Texnologik yo‘nalishlarda tahsil olsalar-da san’atga, badiiy adabiyotga befarq bo‘lmagan bir guruh talabalar Nodira Rashidovaning “Usmon Nosir” asarini yangi talqinda sahnalashtirdi.

Spektakl namoyishida keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari, mahallalardagi yoshlar va talabalar ishtirok etdi.

– Mazkur sahna asarini talabalar teatr studiyalari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun tanlab olgan edik, – deydi institutning yoshlar masalalari, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Ma’rufjon Qayumov. – Shogirdlarimiz spektakl ustida ancha mehnat qildi. Bu premera bilan cheklanib qolmay, spektaklni barcha tumanlarimiz, chekka hududlardagi mahalla yoshlari uchun ham namoyish etishni rejalashtirganmiz.

Gulduros qarsaklar, ta’sirli nigohlar, ayrim sahnalar ijrosi chog‘idagi kutilmagan ko‘z yoshlari... Bularning barchasi ijodiy salohiyatini namoyish eta olgan talabalarning izlanish va intilishlariga berilgan xolis baho bo‘ldi.

“Usmon Nosir” spektakli orqali vatanparvarlik, olijanoblik, qiyinchilikka bardosh berish, g‘urur ustunligi kabi fazilatlar aks ettirilgan. Bu bugungi davrda yosh avlod vakillarini yaratilgan sharoitlarning qadriga yetish, undan samarali foydalanishga chorlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA