Urush qatnashchisi holidan xabar olindi
Xotira va qadrlash kuni oldidan “Nuroniy” uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari O‘ktamjon Oxunov bir guruh nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar hamrohligida Asaka tumani Toshtepa mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, Abdullajon ota Abdurasulov xonadonida bo‘ldi.
Abdullajon ota Abdurasulov Ikkinchi jahon urushi janggohlarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan mard va jasur o‘zbek yigitlaridan biridir. U urush yillarida dastlab Rossiya, Belarusdagi qator qishloq va shaharlarni nemis-fashist bosqinchilaridan ozod etishda qatnashdi. Keyin Uzoq sharqda Manjuriya fronti tarkibidagi qo‘shinlar safida yapon militaristlariga qarshi ayovsiz janglarda ishtirok etib, qahramonlik namunalarini ko‘rsatdi, qator orden va medallar bilan taqdirlandi.

Urushdan keyin Abdullajon ota Andijon davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Uzoq yillar tumandagi 28-, 18- umumta’lim maktablarida yosh avlodga geografiya fanidan bilim berdi. Samarali mehnatlari bilan el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdi.
Abdullajon ota Abdurasulov turmush o‘rtog‘i, rahmatli Zaynabxon ona bilan 9 nafar farzandni tarbiyalab, el qatoriga qo‘shdi. Bugun o‘zining qutlug‘ 104 yoshini qarshi olgan otaxon farzandlari, nabira va chevaralari, hamqishloqlari, shogirdlari, el-yurt ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.

Tashrif chog‘ida nuroniylar, yoshlar otaxonni bayram bilan tabriklab, unga pul mukofoti, oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovg‘alar topshirdi.

Abdullajon ota ko‘rsatilayotgan e’tibor va yo‘qlovlardan behad mamnun ekanligini bildirdi. Bugungi tinch va dorilomon kunlarning qadriga yetish, farovon va to‘kin hayotimizga shukronalik keltirish kerakligini aytib, duolar qildi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri