Urgutda gemodializ bo‘limi tashkil etildi
Qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga tashkil etilgan mazkur bo‘lim uchun mahalliy byudjetdan 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, bino to‘liq rekonstruksiya qilindi.
– Buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan yashayotgan bemorlar har uch kunda, ba’zilari esa har kuni yoki haftada bir marta gemodializ muolajalarini olishi kerak, — deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazov. – Bu esa uzoq tumanlarida yashovchi bemorlarga viloyat markaziga kelib, ushbu muolajani olishi uchun katta qiyinchilik tug‘diradi. Shu sababli o‘tgan yil Kattaqo‘rg‘on shahrida hududiy gemodializ bo‘limi ishga tushirilgan va undan hozirda Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlarida yashovchi bemorlar foydalanib kelmoqda. Endi esa Urgutda ham shunday imkoniyat yaratildi.
Ayni paytda tumandagi 50 nafar buyrak yetishmovchiligi bilan nazoratda turuvchi bemorlar shu yerning o‘zida doimiy ravishda muolaja olishlari mumkin.

G‘.HASANOV, O‘zA