Urgutda DXM uchun yangi bino qurildi
Yarim milliondan ortiq aholi yashayotgan Urgut tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, xalq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, maishiy texnika vositalari va uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish rivojlanib bormoqda.
Ayni kunlarda tumanda mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatyapti.
Shu bois Urgutda davlat xizmatlaridan foydalishga bo‘lgan talab birmuncha yuqori. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida tuman Davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 67 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 2482 ta (yuridik shaxslar 739 ta, jismoniy shaxslar 1743 ta) tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, xorijiy investitsiya ishtirokidagi 6 ta korxona ro‘yxatga olindi.
Tuman Davlat xizmatlari markazining yangi, zamonaviy qulayliklarga ega binosi foydalanishga topshirilishi bilan endi bu boradagi xizmat sifati va ko‘lami oshishi tabiiy.
Markazda bir vaqtning o‘zida 24 nafar, bir kunda 500 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Elektron navbat tizimi 6 ta monitorda aks etib turadi.
Zmonaviy arxitektura yechimi asosida qurilgan markazning 2 qavatli binosida infokiosk, kutish zali, kichik kutubxona, bolalar maydonchasi, oshxona, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi, investorlar uchun alohida xonalar tashkil etilgan. Bank shoxobchasi ham markazning o‘zida tashkil etilganligi fuqarolarga zarur to‘lovlarni shu yerning o‘zida amalga oshirish imkonini beradi.
Markaz binosining ochilishida tuman faollari, jamoatchilik vakillari qatnashdi va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
G‘. HASANOV, O‘zA