Urganchda qumdan issiqlik energiyasi olinadi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Issiqlikta’minoti” AJ hamda Finlyandiyaning “Oneworld Solutions Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv issiqlik ta’minoti sohasida zamonaviy va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi infratuzilma yaratishga qaratilgan.
Memorandumga muvofiq, Urganch shahridagi 19-sonli issiqlik markazini modernizatsiya qilish loyihasi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Loyiha doirasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 50 million yevro miqdorida investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilmoqda.
Eng ahamiyatli jihati shundaki, loyihada mahalliy xomashyo — Amudaryo hamda cho‘l hududlaridagi qumdan foydalangan holda issiqlik energiyasini uzoq muddat saqlash imkonini beruvchi innovatsion qum batareyasi texnologiyasini joriy etish nazarda tutilgan. Ushbu texnologiya orqali ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasini samarali zaxiralash va iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur loyiha to‘liq gazsiz ishlaydigan, markazlashgan va xavfsiz issiqlik ta’minoti tizimini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, u energiya resurslaridan samarali foydalanish, atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish hamda sohada zamonaviy innovatsiyalarni keng joriy etishga zamin yaratadi.
Mutaxassislar fikricha, qum batareyasi texnologiyasi kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan istiqbolli yechimlardan biri hisoblanadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA