Ural Yusupov: Qora va rangli metall bozorida yangi tartib joriy etilmoqda (+video)
Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish jarayonida qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini qayta ishlash sohasi muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalish nafaqat sanoat korxonalarini xomashyo bilan ta’minlaydi, balki resurslardan samarali foydalanish, importni qisqartirish va eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda sohada xususiy sektor ishtiroki kengayib, raqobat muhiti shakllanmoqda. Shu bilan birga, bozorni tartibga solish, sifat va xavfsizlik talablarini ta’minlash, shuningdek, noqonuniy faoliyatlarning oldini olish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash tartibining joriy etilishi sohani yanada tizimli rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov bilan suhbatimiz soha rivojidagi yangi tartib va talablar xususida bo‘ldi.
– Bugungi kunda qora va rangli metall sohasini rivojlantirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
–Albatta, bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. 2026-yil 16-aprelda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Yaqinda vazirlikda qora va rangli metall parchalarini yig‘uvchi hamda qayta ishlovchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish va uni amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2024-yil 3-iyundagi 85-sonli farmoni bilan O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi munosabati bilan mamlakatimizda normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu tashkilot normalariga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu farmonda qora va rangli metall parchalarini yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha litsenziya tartibini joriy qilish hamda davlat korxonalariga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.
Shu bois, yuqori organlar va vazirliklar bilan kelishilgan holda mazkur qaror qabul qilindi va uni ishlab chiqishga zarurat mavjud edi.
– Yangi litsenziyalash tartibi sohada qanday o‘zgarishlarni olib keladi?
– 2026-yil 16-apreldagi qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, qora va rangli metall parcha hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha pasportlar tasdiqlandi. Ushbu tartib 2026-yil 20-iyuldan kuchga kiradi. Unda litsenziyalanadigan faoliyat turlari, litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari, shuningdek litsenziya talablari va shartlari belgilab qo‘yilgan.
Qarorga muvofiq, qora va rangli metall parchalarini yig‘ish faoliyati bo‘yicha litsenziya berish jarayonida kelishuvchi vakolatli organlar sifatida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi belgilangan. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi esa litsenziya beruvchi asosiy organ hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirkorlar uchun ham aniq talablar joriy etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan metallni qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarda sifatni tekshirish uchun laboratoriyalar mavjud bo‘lishi talabi qo‘yilmoqda. Ushbu choralar bozorni tartibga solish, mahsulot sifati nazoratini kuchaytirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar litsenziya olish uchun o‘z korxonalarini belgilangan talablar asosida tashkil etadi, moddiy-texnika bazasini shakllantiradi, zarur uskunalar bilan jihozlanadi va malakali mutaxassislar bilan ta’minlanadi.
Shu bilan birga, litsenziya beruvchi vazirlik va idoralar “Litsenziya” axborot tizimini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qiladi. Bu tizim to‘liq shaffof bo‘ladi va litsenziya metall yig‘uvchilarga hamda qayta ishlovchilarga alohida beriladi.
– Qora va rangli metall sohasining bugungi holati va o‘sish sur’atlari qanday?
– Raqamlar sohada jiddiy o‘sishni ko‘rsatadi. Masalan, 2017-yilda mamlakatimizda 1,7 million tonna qora metall mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 3,5 million tonnaga yetdi.
E’tiborli jihati, 2017-yilda “O‘zmetkombinat”ning ulushi 90 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda u 20 foizni tashkil etadi, qolgan qismi esa xususiy tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu bozorning liberallashganini anglatadi.
Shuningdek, 2017-yilda katta metall eritadigan pechlarga ega 20 ta tadbirkor faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir ularning soni 103 taga yetdi. Bu besh barobar o‘sishdir.
2030-yilga kelib mahsulot ishlab chiqarish hajmini 8 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Ichki bozor hajmi 6,7 million tonnani tashkil etib, qo‘shimcha 1 million tonna eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 150 taga yaqin yirik korxona vujudga keladi va O‘zbekiston qora metallurgiya bo‘yicha o‘z ehtiyojlarini to‘liq qoplaydi. Hozirgi kunda temir mahsulotlaridan qo‘shimcha mahsulotlar ishlab chiqaradigan 1300 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2030-yilga borib ularning soni 2000 tadan oshadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishi va yalpi ichki mahsulot o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
Aytish joizki, qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini litsenziyalash tartibining joriy etilishi sohani mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Bu orqali bozorda shaffoflik, qonuniylik va sog‘lom raqobat muhiti ta’minlanib, xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Eng muhimi, mazkur islohotlar mamlakatimiz sanoat salohiyatini oshirish, ichki bozor ehtiyojini to‘liq qoplash, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. 2030-yilga mo‘ljallangan ulkan rejalar esa ushbu sohaning iqtisodiyotimizdagi strategik ahamiyati tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DqHIjEUwpy0" title="Ural Yusupov: Qora va rangli metall bozoridayangi tartib joriy etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.