Universitet ilmiy salohiyati oshmoqda
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori Bahodir Mardonov oliy ta’lim muassasasi faoliyati, korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlik borasidagi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Navoiy shahar prokurori Xudoyberdi Norqobilov, Navoiy tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi Farrux Jumaqulov korrupsiyaga qarshi kurash, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlar haqida gapirdi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti yurtimiz konchilik sohasi uchun malakali mutaxassislar yetkazib berayotgan yetakchi oliygohlardan biridir. 1963 yilda Toshkent politexnika institutining kechki o‘quv maslahat punkti sifatida faoliyat boshlagan oliygohga Prezidentimizning 2022 yil 31 martdagi “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan universitet maqomi berildi. Hozirda universitetda 8,5 mingdan ziyod talabaga 300 nafarga yaqin pedagoglar ta’lim beradi. Yaqin yillar ichida esa bu yerda talabalar sonini 15 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Universitetda 4 ta fakultetda 9 ta mutaxassislik va 6 ta nomutaxassislik kafedralari mavjud. 2018 yilda oliygohda 24 ta o‘quv hamda 3 ta ilmiy laboratoriya mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni jami 43 taga yetdi. 2024 yilda bu ko‘rsatkichni 63 taga yetkazish ustida ish olib borilyapti.
– Albatta, bu imkoniyatlar ilmiy-tadqiqotlarning kengayishiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, – deydi universitet rektori B.Mardonov. – Jumladan, ilmiy himoya ishlari soni 2018 yilda 17 tani tashkil etgan, 2022 yil yakunida 40 taga yetdi.
[gallery-10533]
bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingida 5-o‘rinni egallab turgan oliygohning ilmiy salohiyati 50 foizni tashkil etadi. Bu yerda 31 nafar fan doktori, 108 nafar fan nomzodlari faoliyat yuritmoqda. Universitet olimlari tomonidan 2018 yilda 3 ta intellektul mulkka patent olingan bo‘lsa, o‘tgan yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 12 taga yetkazildi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida xalqaro ilmiy hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, hozirda Buyuk Britaniyaning Lids universiteti, AQSHning Kolarado konchilik universiteti, Moskva shahridagi Milliy tadqiqotlar va texnologiyalar universiteti, Yaponiyaning Akita universiteti va boshqa nufuzli oliygohlar bilan hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.
– Universitetda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, oliygohni “Raqamli universitet” ga aylantirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi B.Mardonov. – Oliygohimizda asosiy e’tibor professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yaratilgan sharoitlar, elektron hujjat almashish, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etishga qaratilgan. Xususan, universitetning “Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi” tomonidan bu borada faol ish olib borilmoqda. Barcha fakultetlar lokal tarmoq va internet tarmog‘iga ulangan. Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar foydalanishlari uchun rektorat binosi, fakultetlarda va axborot resurs markazida “Wi-Fi” zonalar tashkil etilgan. Ayni vaqtda barcha fakultetlarda va rektorat binosida “SMART” xonalar tashkil etilyapti.
Talabalar bilimini baholash uchun kompyuterda test olishda test.ndki.uz platformasi ishlatilmoqda. Shu bilan birga, 2020 yil 1 apreldan boshlab masofaviy ta’lim platformasi tizimi yaratilib, ishga tushirilgan. “Raqamli universitet” loyihasi doirasida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” ishlab chiqilgan. Universitet Axborot-resurs markazida foydalanuvchilarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida 180 mingdan ortiq kitoblarning elektron nusxalari bo‘lgan “Elektron kutubxona portali” hamda “Axborot kutubxona boshqaruv tizimi” dasturlari ishga tushirilgan. Dasturdan hozirda 6 ming nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar va talabalar foydalanmoqda.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar oliy ta’lim muassasasidagi o‘quv jarayonlari, laboratoriya va amaliy mashg‘ulot xonalaridagi sharoitlar bilan tanishdi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA