Universitet bitiruvchilarining bandligi e’tiborda
Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan oliy o‘quv yurti talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji bor talabalarning bandligini ta’minlash muhim vazifalardan etib belgilangan edi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham ushbu vazifani bajarish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
– 2023/2024 o‘quv yilida universitetning 19 ta ta’lim yo‘nalishi kunduzgi shaklini 1309 nafar bakalavr, 4 ta mutaxassislik bo‘yicha 5 nafar magistr bitirdi, – deydi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori Xudoynazar Yunusov. – To‘rt nafar bitiruvchimiz imtiyozli diplom oldi.
Bitiruvchilar haqida to‘liq ma’lumotlar vazirlik orqali hududiy boshqarmalarga yetkazilgan va bu ham ularning bandligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 27 aprel kuni universitetda bitiruvchilarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash masalasida ochiq muloqot hamda “Karera kuni” o‘tkazilgandi.
Mazkur tadbir davomida 658 nafar talaba ishlash istagini bildirib, 380 nafar talaba ishga joylashish uchun yo‘llanma olgandi.
Yana bir gap, universitetda talabalarning malakaviy amaliyotini barqaror faoliyat ko‘rsatayotgan yirik korxona, tashkilot, klasterlarda, xorijiy davlatlarining ilg‘or kompaniyalarida o‘tash yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada 60 dan ortiq yirik kompaniya, klaster va korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatilib, shu yilning o‘zida 1500 nafar talabaning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
2018 yilda Belarus Respublikasining Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Ana shu kelishuv asosida uchta ta’lim yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.
Bu yil 11 nafar ilk qaldirg‘ochlarimiz qo‘sh diplomga ega bo‘ldi. Shuningdek, Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti bilan chorvachilik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashning innovatsion texnologiyalari nomli bakalavr yo‘nalishi hamda oziq-ovqat ta’limi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlashning innovatsion texnologiyalari va sertifikatlash nomli magistr mutaxassisliklari bo‘yicha ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2023-2024 o‘quv yilida ilk magistr talabamiz ikki diplomga ega bo‘ldi. Hozir 2 nafar magistrimiz o‘qishini davom ettirmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri