“Unicorns” loyihasida 25 ta startap moliyalashtirildi
Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan Andijon shahridagi “Raqamli shahar”da “Unicorns ” loyihasining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha Prezidentimizning joriy yil 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning eng yaxshi startap loyihalarini amalga oshirish uchun mablag‘ ajratilishi haqidagi ko‘rsatmasiga muvofiq amalga oshirildi.
Yakuniy Hakamlar hay’ati a’zolari loyihalarni 4 asosiy mezon, ya’ni loyihaning innovatsionligi, maqsadga muvofiqligi, jamoaviy salohiyat va ijtimoiy ta’siri bo‘yicha baholadi. Tanlab olingan 25 ta startap g‘oliblik uchun kurashdi.
Baholash natijalariga ko‘ra, 10 ta loyihaga 2 million so‘mdan “Raqamli shahar”dan foydalanish uchun vaucherlar taqdim etildi. Yana 10 ta loyihaga 40 million so‘mdan beg‘araz grant ajratildi. Qolgan 5 ta loyihaga ikki taraflama kelishuv asosida investitsiya kiritilishiga kelishib olindi.