Un ishlab chiqarish hajmi koʻpaymoqda
Bugun yurtimizda aholi ehtiyoji uchun zarur boʻlgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va uni aholiga yetkazib berish har doimgidan dolzarb vazifa hisoblanadi.
Bugun yurtimizda aholi ehtiyoji uchun zarur boʻlgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va uni aholiga yetkazib berish har doimgidan dolzarb vazifa hisoblanadi.
Shu maqsadda “Qashqadaryodonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash hamda yangi quvvatlarni qurib ishga tushirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatga 2018-yilda Turkiyadan zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari olib kelib oʻrnatilgach, ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, mahsulot sifati yana-da yaxshilandi. 56 ishchi mehnat qilayotgan korxonada bir kunda oʻrtacha 45 tonna un ishlab chiqarilmoqda.
Yurtimizda eʼlon qilingan karantin tadbirlari sababli xoʻjalik yurituvchi subyektlar vaqtincha oʻz faoliyatini toʻxtatgani barchamizga maʼlum. Lekin shunday sinovli kunlarda ham korxona tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotlari aholiga uzluksiz yetkazib berilmoqda.
Masalan, oʻtgan yilning birinchi choragida “Qashqadaryodonmahsulotlari” AJ tomonidan 3315 tonna un ishlab chiqarilgan boʻlsa, joriy yilning birinchi choragida bu koʻrsatgich 4965 tonnani tashkil etdi.
Bugun korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Qarshi shahar va Qarshi tumani aholisiga yetkazib berilmoqda. Bu jarayon davlat soliq xizmati organi xodimlari tomonidan toʻliq nazoratga olingan.
“Qashqadaryodonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi hisoblanib, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida byudjetga 2 milliard 465 million soʻm soliqlarni toʻlab berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyatiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan omillarni yumshatish borasida oʻz vaqtida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Natijada, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati bir meʼyorda davom etmoqda. Bu aholining turmush farovonligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.