Umarali Rahmonaliyev YChL saralashida to‘liq o‘ynadi: «Sabah» «KuPS»ni mag‘lub etdi
Uchrashuvda mezbonlar 1:0 hisobidagi minimal g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
UEFA Chempionlar ligasining ikkinchi saralash bosqichi doirasida Ozarbayjonning «Sabah» jamoasi o‘z maydonida Finlyandiyaning «KuPS» klubini qabul qildi.
Uchrashuvda mezbonlar 1:0 hisobidagi minimal g‘alabani qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliyev ushbu bahsda «Sabah»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va hakamning xushtagiga qadar to‘liq harakat qildi.
Uchrashuvning 33-daqiqasida hamyurtimiz raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni ochgan edi. Biroq videoassistent (VAR) tizimi aralashuvidan so‘ng ushbu gol bekor qilindi. Shunga qaramay, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda (45+1) Simich tomonidan kiritilgan to‘p bahsda yagona bo‘lib qoldi va ozarbayjonliklarga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 28-iyul kuni Finlyandiyada bo‘lib o‘tadi.