Ulug‘ adibning talabalar hayotidagi o‘rni
Maqsud Shayxzoda o‘zbek adabiyoti maqomini yuksaltirib turgan ko‘plab ulug‘ adiblar qatorida munosib o‘rin tutadi.
Ijodkor tarjima jarayonida qardosh xalqlar va jahon adabiyoti namoyondalarining mahorat maktabidan ta’lim olib, ilg‘or an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan she’rlar yozgan. Manbalarga ko‘ra, shoir urush yillarida ham samarali ijod qiladi.
Urushning birinchi kunlaridanoq jang qahramonlarini ulug‘lovchi, front orqasidagi odamlarning fidokorona mehnatini ifodalovchi «Kurash nechun», «Jang va qo‘shiq», «Kapitan Gastello», «Ko‘ngil deydiki…” kabi she’riy to‘plamlari, «Jaloliddin Manguberdi» tarixiy dramasi va boshqa qator publitsistik asarlarni yaratdi.

Urushdan keyin shoir Vatanimiz bo‘ylab keng quloch yozgan zafarli mehnat, tinchlik uchun kurash haqida «O‘n besh yilning daftari», «Olqishlarim», «Zamon torlari», «Shu’la», «Chorak asr devoni» kabi she’riy to‘plamlarini yaratdi.
bugungi kunda Adiblar xiyobonining tashkil etilishi va o‘zbek adabiyotining buyuk adiblariga haykal qo‘yilib, ularning ijodi keng miqyosda chuqur o‘rganilishi ham mamlakatimizda adabiyot, madaniyat va san’at sohasiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.
Bu boradagi islohotlar Toshkent davlat transport universiteti jamoasini ham chetlab o‘tmadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan universitetga Maqsud Shayxzodaning hayot va ijod yo‘lini chuqur o‘rganib, keng tatbiq etish vazifasi topshirildi.

Universitet talabalari o‘rtasida shoir hayoti va ijodiga oid davra suhbatlari, turli tanlov, viktorinalar, mushoiralar o‘tkazilyapti. Xususan, universitet tomonidan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Maqsud Shayxzoda adabiy va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Shuningdek, talabalarning adib hayoti va ijodini keng o‘rganishga qaratilgan insholar tanlovi o‘tkazildi.
Adib ijodiga bag‘ishlangan maxsus veb-sayt va universitetning maxsus saytida shoir ijodiga bag‘ishlangan bo‘lim tashkil etildi. Axborot-resurs markazida adibning o‘quv zali va ekspozitsiyasi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Ijodkorlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun Maqsud Shayxzoda nomidagi maxsus stipendiya, ko‘krak nishoni sohiblarini saralash ishlari davom etmoqda.
Dilshod Rahmatov,
Toshkent davlat transport universiteti matbuot kotibi.