Ultra zamonaviy qurol sinovdan oʻtkazildi
“RIA Novosti“ning KXDR markaziy televideniyesiga asoslanib xabar berishicha, Shimoliy Koreya ultra zamonaviy qurolni muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgan.
“RIA Novosti“ning KXDR markaziy televideniyesiga asoslanib xabar berishicha, Shimoliy Koreya ultra zamonaviy qurolni muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgan.
Qayd etilishicha, yaqinda ishlab chiqilgan taktik xarakterga ega qurol sinovida Kim Chen In ishtirok etgan.
AQSH davlat departamentining “RIA Novosti”ga maʼlum qilishicha, Vashington yangi qurol sinovdan oʻtkazilganiga qaramay, KXDR vaʼdalarni bajarishiga ishonchi komil.
Agentlik suhbatdoshining eslatishicha, Singapurdagi sammitda Donald Tramp va Kim Chen In denuklearizatsiyaga oid kelishuvga erishgan.
“Biz Shimoliy koreyaliklar bilan kelishuvdagi barcha majburiyatlarni amalga oshirish boʻyicha muzokara olib bormoqdamiz. Prezident KXDR yetakchisiga denuklearizatsiyadan soʻng mamlakatni yorqin kelajak kutishini uqtirgan”, degan u.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 12 iyunida Singapurda Tramp va Kim Shimoliy Koreyaning yadro-raketa dasturini toʻxtatishga kelishib olgan edi. Shundan soʻng KXDR oʻz hududida mavjud yadro poligonlarini yoʻq qilib, endilikda bor kuchini iqtisodiyotga yoʻnaltirishini eʼlon qildi.
Hozirda Pxenyan Vashington tomonidan berilgan vaʼdalarning hammasi ham bajarilmagani, faqat KXDRning bir tomonlama harakati talab qilinayotganligidan, Amerika hukumati esa Shimoliy Koreya denuklearizatsiya boʻyicha yangi qadamlar qoʻymayotganidan norozi boʻlmoqda.