Ular endi mahallalarda kashf qilinadi...
Prezidentimizning «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qabul qilingan qarori haqida onamga ham faxrlanib o‘qib berdim. Ular esa «O, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...», deya ich-ichidan havas qildi.
To‘g‘rida, Prezidentimizning yoshlarga oid qat’iy siyosati tufayli imkoniyat eshiklari keng ochilmoqda. O‘z faoliyatimdan olib qaraydigan bo‘lsam, siyosiy soha rahbariyatining yosh vakilasi sifatida ana shunday imkoniyatlardan keng foydalanmoqdaman.
Men kabi boshqa tengdoshlarim ham yuksalish yo‘lida ildam bormoqda. Men so‘ngi besh yil ichida yoshlarga oid islohotlar samarasi o‘laroq oliy ta’limda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim va siyosiy partiya tizimidagi rahbar ayolga aylandim.
Doim Angela Merkel, Tereza Mey, Kristin Lagard kabi taniqli siyosatchi ayollarga havas bilan qaraganman. Bugun ular qatorida bo‘lish uchun ishonch bilan qadam bosish imkoniyati tug‘ildi.
Prezidentimizning ushbu qarori tufayli mana endi mahallalar haqiqiy institutga aylanadi. Mahalladan qancha iste’dodlarni kashf qila olishiga qarab yoshlar yetakchilariga unvonlar, rag‘batlar, yuqori lavozimlar berib boriladi.
Ana endi mahallalarda san’at g‘unchalari, chempionlar, shoir va yozuvchilar, ijodkorlar yetishib chiqadi. Endilikda yoshlar o‘z iste’dodlarini namoyish etish uchun turli tashkilotlarga borib yurishi shart emas, ular endi mahallalarda kashf qilinadi.
Mahalladagi yoshlarning qiziqishlariga qarab turli to‘garaklar tashkil etiladi. Ular yosh toifalariga ajratilib tajribali mutaxassislarning mahallalarda uchrashuvlari, to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkazib boriladi. Bu degani yoshlar o‘z uyida turib ham iste’dod va ijodlarini dunyoga taratish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Prezidentimizning uzoqni ko‘ra bilgani natijasida qabul qilingan ushbu qaror ijrosi ta’minlanar ekan hamma rahbarlarning ko‘zi mahallada bo‘ladi. Eng quyiga berilgan e’tibor bu poydevorga qilingan e’tibordir. Poydevor mustahkam bo‘lar ekan, yuqoriga qarab mustahkam bo‘y cho‘zib boraveramiz.
Eng ahamiyatlisi mahallalardagi nafaqada bo‘lgan buvi va bobolarimiz nasihatlarini, o‘gitlarini o‘rgatadigan kengashlarning faoliyat olib borishi yoshlar ma’naviyatining asl ildizi bo‘lib xizmat qiladi. Azaldan xalqimizda bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona, degan naql bejiz aytilmagan.
Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar ham yoshlar muammolarini chuqur o‘rganib borishlari, xorijiy va milliy tajribalarimizni hisobga olib g‘oyaviy ta’sirchan «Yoshlar qanotlari»ga ega bo‘lishlari lozim.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida bakalavr va magistr darajasidagi yosh siyosatchi va boshqaruvchilar tayyorlanadigan fakultetlar mavjudligini hisobga olib, biz ham shu kabi loyihalarga bosh qo‘shmog‘imiz kerak. Mening nazarimda, siyosiy partiyalar ana shunday siyosiy xarakterdagi, ertaga hokimlar, deputatlar tayyorlaydigan to‘garaklar tashkil etish tashabbusi bilan chiqishlari kerak!
Men yosh siyosatchi, siyosiy partiya yetakchisi sifatida o‘z faoliyatimni tubdan isloh qilishga kirishdim. Bu qarordan muxtasar anglaganim shu bo‘ldiki, bugun rahbarlarimiz, yetakchilarimiz o‘z ish uslubi va yetakchilik qobiliyatini zamon talablariga moslashtirishni kechiktirmasligi kerak.
Kamola ABDUVALIEVA,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi
Andijon viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari