Ulamo g‘ayratli bo‘lsa, millat isloh topadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tadbirda ulamolarimiz, din peshvolarini inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarda faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqirdilar. Shuningdek, keyingi yillarda Haj, Umra safarlariga keng yo‘l ochilayotgani, ziyoratga borib kelgan har bir yurtdoshimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi ta’kidlandi. Ammo afsuski, hamma joyda ham shunday bo‘lmayotgani, ziyorat bahona o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, manmanlikka berilish kabi xunuk holatlar ko‘zga tashlanayotgani aytildi.
Darhaqiqat, Islom dini ta’limotida mo‘min-musulmonlar riyo va sum’adan qattiq hamda qat’iy qaytariladi. Riyo insonlar orasida ruhiy ta’sir, shon-shuhrat, moddiy foyda uchun qilinadi. Dunyoga oid bu kabi moddiy va ma’naviy foydalarni qo‘lga kiritish uchun dinga bo‘lgan hurmat va e’tiborni suiiste’mol qilish riyoning eng yomon shaklidir.

Afsuski, hali-hanuz umraga yoki hajga borib kelgan ayrim kimsalarning xo‘jako‘rsinga ish tutib, tuyalarda va yana aqlga sig‘maydigan allaqanday ishlarni o‘ylab topib, bu ishlarini ommaga ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etishi odamlarning nafratiga sabab bo‘lmoqda.
Bunday holatlar juda xatarlidir. Chunki riyo hadisi sharifda shirkka tenglashtiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Shubhasiz riyo shirkdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Biz har qancha yashirsak ham riyo baribir ko‘zga tashlanadi. Riyoning hammasi axloqsizlik bo‘lgani kabi ibodatlarda riyokor bo‘lish eng katta axloqsizlikdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta siz uchun eng qo‘rqadigan narsam, kichik shirk, ya’ni riyodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ibodat Alloh taolo uchun qilinadi. Allohning roziligidan boshqa maqsad uchun qilingan ibodat Parvardigorning g‘azabiga giriftor qiladi. Alloh taolo Kalomullohda bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, molini Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham kishilarga riyo uchun nafaqa qilganga o‘xshab bekorga ketkazmang. U misoli bir ustini tuproq bosgan silliq toshga o‘xshaydi. Bas, kuchli yomg‘ir yog‘sa, silliq bo‘lib qoladir. Kasb qilganlaridan hech narsaga qodir bo‘lmaslar” (Baqara surasi, 264-oyat).
Allohning buyrug‘ini va roziligini o‘ylab emas, dindor ko‘rinish uchun ibodat qilish, olim va bilimli deyishsin, deya ilm bilan mashg‘ul bo‘lish, saxiy deb nomlanish uchun zakot va sadaqa berish, riyodan iborat yomon harakatdan boshqa ma’noni ifoda qilmaydi.
Allohga va insonlarga qarshi o‘zini samimiy tutib riyodan uzoq turish, iloji bo‘lsa, ibodatlarni yashirin qilish, Allohning roziligini insonlarning maqtoviga, istagiga, qo‘rquviga qarshi tanlash har bir musulmonning tamoyili bo‘lishi kerak.
Haj va umra, barcha ibodatlar xolis Alloh taolo uchungina qilinishi shart. Odamlar ko‘rsin uchun, riyo, sum’a, ujb uchun qilingan ibodat mo‘min-musulmonning savobi olishiga emas, aksincha qattiq gunohkor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Hajga, Umraga borib kelgan kishi odamlarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishi kerak. Bu Alloh taoloning buyrug‘idir: “Sizlardan yaxshilikka da’vat etadigan, amri ma’ruf va nahyi munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo‘lsin! Aynan ular (oxiratda) najot topuvchilardir” (Oli Imron surasi, 104-oyat).
Yurtboshimiz yig‘ilishda Is’hoqxon to‘ra Ibrat domlaning “Ulamo g‘ayrat etganda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarini keltirdilar.
Shundan kelib chiqib, biz ahli ilmlar, din peshvolari g‘ayrat qilib, shijoat bilan Vatanimizga, millatimizga, dinimizga xizmat qilishimiz kerak. Xalqning ichiga kirib borib, dinimizning sof ta’limotini yana ham kuchaytirishimiz zarur. Umraga, hajga borayotgan yurtdoshlarimizga riyo va sum’adan saqlanish kerakligini tushuntirishimiz lozim.
Jasurbek domla Raupov,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi.