Ukrainani YeIga qo‘shish bo‘yicha muzokara boshlanadi
Yevropa Ittifoqining Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitida yetakchilar Ukraina va Moldovaning Ittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha muzokarani boshlashga qaror qildilar, deb yozdi Yevrokengash rahbari Sharl Mishel ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
8 noyabr kuni Yevropa Kommissiyasi Ittifoqqa Ukraina va Moldovani a’zo qilib olish bo‘yicha muzokara boshlashni tavsiya qilgan edi. O‘shanda bu ikki davlat bir qator shartlarni bajargani aytilgan.
YeIning Ukraina va Moldovaga nisbatan ijobiy qarorini AQSH ham qo‘llab-quvvatlagan. Bu ko‘hna qit’a uchun tarixiy daqiqa, dedi davlat departamenti rasmiy vakili Mettyu Miller.
– Ukraina va Moldovaning a’zoligi bo‘yicha muzokara boshlanishi, Gruziyaga nomzod maqomi berilishi, vaqti kelganda Bosniya va Gersegovinani a’zolikka qabul qilish uchun jarayonni boshlash haqidagi qaror ushbu mamlakatlar va xalqlarda islohotni davom ettirishga ishonchni oshiradi, rag‘bat uyg‘otadi, – deyilgan uning bayonotida. – Bu Yevropa uchun ham, Transatlantika hamkorligi uchun ham tarixiy voqea.
Miller YeI kengayishi jarayoni AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlab, nomzod mamlakatlarga muhim islohotlarni amalga oshirishda yordam berilishini aytgan.