UEFA, OFK va KONKAKAF FIFAga muqobil turnirlar tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda
Manbaga ko‘ra, uch konfederatsiya rahbarlari amaldagi FIFA prezidentining iste’foga chiqishiga erishishni maqsad qilgan.
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) Janni Infantino FIFA prezidenti lavozimida qoladigan bo‘lsa, muqobil xalqaro turnirlarni tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Times xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, uch konfederatsiya rahbarlari amaldagi FIFA prezidentining iste’foga chiqishiga erishishni maqsad qilgan. Shuningdek, ular 2027-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Infantinoning to‘rtinchi muddatga nomzodi qo‘yilishi ehtimoliga qarshi bir nechta ssenariy tayyorlagan.
Mumkin bo‘lgan choralar orasida:
FIFAga muqobil xalqaro musobaqalarni yo‘lga qo‘yish;
FIFA Kengashi yig‘ilishlarini boykot qilish;
tashkilot qarorlarining qabul qilinishini bloklash.
Eslatib o‘tamiz, Janni Infantino 2016-yil fevralidan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Bungacha u UEFAda faoliyat yuritgan.
Avvalroq Infantino jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasini ishlab chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu tashabbus ko‘plab futbol tashkilotlari va sport arboblari tomonidan keskin tanqid qilingan.