UEFA Infantino bilan bog‘liq xabarlar yuzasidan izoh berdi
FIFA prezidenti atrofida turli mish-mishlar paydo bo'lgan edi.
UEFA vakili FIFAning amaldagi prezidenti Janni Infantino va tashkilotning sobiq xodimlaridan biri o‘rtasida bo‘lgani taxmin qilinayotgan munosabatlar haqidagi xabarlarga izoh berdi.
«Biz ushbu shaxsga ishdan ketishi vaqtida kompensatsiya to‘langanini, shuningdek, mahalliy biznes maktabidagi MBA dasturi uchun o‘qish xarajatlari qoplanganini tasdiqlashimiz mumkin.
To‘lov o‘sha vaqtda ishdan ketayotgan xodimlarga nisbatan amal qilgan qoidalarga muvofiq amalga oshirilgan. Ushbu qoidalar 2016-yildan boshlab kuchaytirilgan.
Hozirgi xodimlar uchun amal qiladigan qoidalar UEFAning barcha xodimlariga, ularning lavozimidan qat’i nazar, bir xil tatbiq etiladi va zamonaviy yuqori darajadagi tashkilot standartlariga mos keladi», — deya UEFA vakilining so‘zlarini keltirdi The Telegraph.
Avvalroq OAVda Infantino UEFA bosh kotibi lavozimida ishlagan davrda u bilan yaqin munosabatda bo‘lgani taxmin qilingan ayolga tashkilot tomonidan ishdan ketish kompensatsiyasi to‘langani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shuningdek, UEFA uning biznes maktabidagi MBA dasturi xarajatlarini ham qoplagani, ushbu ta’lim dasturining qiymati taxminan 45 ming funt sterling ekani aytilmoqda.