Uchrashuvda 5 ta oila yarashtirildi
Buxoro viloyati sudi raisi L.Kadirov Vobkent va Shofirkon tumanlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda sud-huquq sohasiga oid masalalar yuzasidan huquqiy yordamga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab uchrashuvda viloyat sudi raisi tomonidan opa-singillarimizga samimiy tilaklar bildirilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
–Qabul qilingan xotin-qizlarning 7 nafari sud-huquq masalalarida murojaat qildi, – deydi viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh konsultanti Nurbek Rahimov. – 13 nafari esa ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalarga oid o‘zlarini qiynab kelayotgan murojaatlar bilan qatnashdi.
Sud-huquq masalalaridagi murojaatlar aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
– Turmush o‘rtog‘im doimiy ichib keladi, – deydi Vobkent tumani, Kosari mahalla fuqarolar yig‘ini Rosbadan qishlog‘ida yashovchi fuqaro Roila Sirojova. – Meni va farzandlarimni tinchligini buzadi. Mazkur masalada murojaat qilgandim. Menga himoya orderi berishdi.
Bundan tashqari, shu kunning o‘zida Vobkent va Shofirkon tumanlari sudi raislari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 5 ta oila yarashtirildi.
Zarif Komilov, O‘zA