Uchko‘prikda ishsiz yoshlarga yer ajratib berildi
Farg‘ona viloyatida ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Xususan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratib berish ishlari davom etmoqda.
Uchko‘prik tumani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. “Boboshbek fermer xo‘jaligi”, “Mullayev Muqimjon Ziyosi”, “Abrorbek quvonch nuri” fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi ekin maydonidan 4 gektar yer Boboshbek, Yakkatut, Katta kenagas mahallalarida istiqomat qiluvchi 40 nafar ishsiz yoshga 10 sotixdan ajratib berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Uchko‘prik tumani hokimi Akmaljon Mahmudaliyev va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Shu yerning o‘zida soha mutaxassislari tomonidan yoshlarga ertangi ekinlar turlari, ularni ekish va parvarishlash agrotexnikasi haqida batafsil tushunchalar berildi.
– Yetti yildan beri Rossiya va Qozog‘istonda yollanma ishchi bo‘lib mehnat qilardim, – deydi Doston Nuraliyev.
– Karantin sabab yo‘llar yopilgach, vaqtincha ishsiz qoldim. Bugun bizga 10 sotixdan yer berishdi. Bu yerdan unumli foydalanib, kartoshka va sabzavot mahsulotlari yetishtirmoqchiman. Bir yil davomida shu yerda mehnat qilsam, chetga chiqib ish izlab yurishimga zarurat qolmaydi.
Hozirga qadar tumanda mahalla fuqarolar yig‘inlarining tavsiyasi va ishchi guruh a’zolarining “xonadonbay” o‘rganishlari asosida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, migrant, nogironligi bor va ijtimoiy ko‘makka muhtoj 273 nafar yoshga dehqonchilik uchun yer ajratib berildi.
M. Sulaymonov, O‘zA