Uchinchi xalqaro maqom festivali g‘oliblari aniqlandi
Namanganda to‘rt kun davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (“UNESCO”) hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (“ICESCO”) shafeligi ostida o‘tkazilgan uchinchi xalqaro maqom san’ati anjumani Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tantanali yopilish marosimi bilan yakunlandi.
Mumtoz musiqa va maqom san’atini ulug‘lashga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro madaniy tadbir doirasidagi ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, konsert dasturlari, saralash tanlovlari o‘zbek milliy maqom san’atini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlar qalbida milliy mumtoz san’atimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.


Mamlakatimizda uchinchi marotaba o‘tkazilgan anjumanda YUNESKO, AYSESKO, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Turkiy parlament assambleyasi, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi yirik xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy mamlakatlarning madaniyat vazirlari, elchilar, dunyoning 80dan ziyod davlatlaridan 250 ga yaqin madaniyat va san’at vakillari ishtirok etdi.


Anjuman qatnashchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning festivalning tantanali ochilish marosimidagi nutqini katta qiziqish bilan tingladilar.
Davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, xalqaro maqom anjumani turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlash, do‘stlik va hamjihatlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgan nufuzli maydonga aylandi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan “Sharq maqomatining yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyasida olimlar, musiqashunoslar, san’atshunoslar hamda tadqiqotchilar maqom san’atining bugungi taraqqiyot bosqichlari, zamonaviy talqinlari, ilmiy izlanishlar, innovatsion yondashuvlar va xalqaro hamkorlik masalalari yuzasidan ma’ruzalar bilan qatnashgani holda, uning yakunida maqom san’atini asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.

“Sharq maqomoti an’analari va yoshlar: meros, ta’lim va kelajak istiqbollari” mavzuida yosh olimlar ishtirokidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida maqomning ilmiy tadqiqi, uni ta’lim tizimida rivojlantirish, yosh avlodni milliy musiqa merosi ruhida tarbiyalash, maqom maktablarining istiqbollari va zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruzalar tinglanib, keng muhokamalar olib borildi.

Qayd etish joizki, Namangan ahli, viloyatga uzoq-yaqindan kelgan minglab mehmonlar to‘rt kun davomida yurtimiz va chet-elning taniqli maqom ijrochilari, folklor va etno-jamoalar, milliy orkestrlar hamda san’at ustalarining yorqin chiqishlaridan zavqu shavqqa to‘ldilar.

Xususan, xalqaro saralash tanlovida Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi, Hindiston, Niderlandiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkiya, Suriya, Gruziya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Turkmaniston, Xitoy Xalq Respublikasi, Armaniston, Eron Islom Respublikasi, Mo‘g‘uliston hamda mamlakatimizning mahoratli ijodiy jamoalari hamda yakkaxon ijrochilari sinovdan o‘tkazildi. Tanlov ishtirokchilarining har bir chiqishi Ozarbayjon, Fransiya, Turkiya, Serbiya, Kuvayt, Kanada va O‘zbekiston vakillaridan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan ijrochilik mahorati, milliy maqom an’analarini saqlash va sahna madaniyati kabi muhim mezonlar asosida baholandi.

Yakuniy konsert dasturida yurtimiz maqom ustalari hamda Pokiston, Gruziya, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan jamoalar o‘z chiqishlarini havola qildi. Yopilish marosimining hayajonlari damlari kelib, uchinchi xalqaro maqom san’ati anjumanining g‘olib-sovrindorlari e’lon qilindi.

Anjumanning bosh sovrini – Gran-pri o‘zbekistonlik xonanda –O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Orifjon Ergashevga nasib etdi. Yuksak ijrochilik mahorati va milliy maqom san’atiga sadoqati bilan xalqaro hakamlar hay’atining e’tirofiga sazovor bo‘lgan hamyurtimizga 15 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti taqdim qilindi.
O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Milliy cholg‘ular ansambli; ozarbayjonlik Kamila Nabiyeva va Mug‘om ansambli; ozarbayjonlik Nuraddin Tagiyev va Teymur Jabrailov; Mongoliyaning “Serendavaa Sogtgerel” ansambli faxrli birinchi o‘rinni egallashdi.

Qozog‘istonning “Qag‘an” etno-folklor ansambli; gruziyalik Oshiq Nargile va “Ilaloni” ansambli; turkiyalik Asude Chelebiog‘lu va Gerchek Ismail Haqqi; yaponiyalik Shimonomoto Ayumi, “Koto no Kay” ansambli va “Cspc–japan” jamoasi faxrli ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Faxrli uchinchi o‘rin esa, “Yangi O‘zbekiston” maqom ansambli; Yunus Rajabiy nomidagi, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi maqom ansambllari; Tojikistonning Fazliddin Shahobov nomidagi davlat “Shashmaqom” ansambli; “Turkman an’anaviy xalq musiqasining klassik triosi”; Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti magistr xonandalar ansambliga nasib qildi.
Xalqaro tanlov g‘oliblari diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, faol ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida, “Eng yaxshi maqom xonandasi», «Eng yaxshi maqom sozandasi», «Eng yaxshi maqom ustozi», «Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi», «Eng yaxshi yosh maqomchi», «Eng yaxshi maqom bastakori» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilar rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.


Muxtasar aytganda, maqom festivali o‘zbek milliy musiqa san’atining bebaho durdonasi bo‘lgan maqomning xalqaro nufuzini yanada oshirish, uning noyob an’analarini asrab-avaylash, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Namangan mezbonlik qilgan uchinchi xalqaro maqom san’ati anjumani ushbu nufuzli xalqaro madaniy loyiha izchil davom etayotganini yana bir karra namoyon etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri