Uch tennischimiz bugun Uimbldonda o‘ynaydi
Tennis muxlislari bu kunni uzoq kutdi. Umid qilamizki, Polina Kudermetova, Kamilla Rahimova hamda Mariya Timofeyeva musobaqada muvaffaqiyatga erishadi.
Angliyaning London shahrida tennis bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi nufuzli Uimbldon turnirining asosiy to‘r bahslari davom etmoqda. Musobaqada mamlakatimiz tennisi tarixida ilk bor bir vaqtning o‘zida uch nafar vakilimiz asosiy to‘rda yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
Bugun, 30-iyun kuni vakillarimiz orasida birinchi bo‘lib Kamilla Rahimova ukrainalik Angelina Kalininaga qarshi kortga chiqadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 15:00da boshlanadi. Shundan so‘ng Mariya Timofeyeva birinchi davrada braziliyalik Beatris Haddad Mayya bilan kuch sinashadi. Ushbu bellashuv soat 17:00da start oladi.
Kunning so‘nggi bahsida esa Polina Kudermetova neytral maqomda ishtirok etayotgan Lyudmila Samsonovaga qarshi bahs olib boradi. Mazkur uchrashuvning boshlanish vaqti — 20:30.
Shuningdek, Kamilla Rahimova juftliklar bahsida ham ishtirok etadi. U yaponiyalik Miyu Kato bilan birgalikda 2-iyul kuni niderlandiyalik Demi Sxyurs hamda avstraliyalik Ellen Peres juftligiga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA