“Uch avlod uchrashuvi” — tajriba, ma’naviyat va kelajakni bog‘lagan muloqot
Xovos tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy anjumani nafaqat bir uchrashuv, balki avlodlar davomiyligi, ustozga ehtirom, Vatanga sadoqat va ma’naviy merosning o‘ziga xos namoyoniga aylandi. Unda yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan nuroniylar, turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan o‘rta avlod va ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlar bir davrada jam bo‘lishdi.
Maktab hovlisiga kirgan har bir mehmonni o‘ziga xos iliq muhit qarshi oldi. Kirish qismida saf tortgan “Jasorat” sinfi o‘quvchilari sobiq bitiruvchilarni qo‘llarida gullar bilan kutib olishdi. Yo‘laklarda o‘quvchilarning ijodiy ishlari, sportchilar yutuqlari va rassom yoshlar ko‘rgazmalari namoyish etildi. Musiqa to‘garagi a’zolari ijrosidagi milliy kuylar esa yig‘inga alohida ruh bag‘ishladi.
Anjumanning eng ulug‘ mehmonlaridan biri — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov bo‘ldi. Uning o‘zi tahsil olgan maktabga tashrifi nafaqat ustozlar, balki yoshlar uchun ham katta hayajon va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov mamlakatimiz huquqiy tizimining shakllanishi, Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash va qonunchilik asoslarini mustahkamlash yo‘lida munosib hissa qo‘shgan yetuk huquqshunoslardan biri sifatida alohida e’tirof etiladi. 1952-yilda tug‘ilgan huquqshunos olim Toshkent davlat universitetini tamomlagan bo‘lib, yuridik fanlar nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist hisoblanadi. U Oliy Majlis Senatining tegishli qarori bilan 10 yil muddatga Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylangan va 2021-yildan buyon mazkur lavozimda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, yoshlarga keng imkoniyat yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. U har bir insonning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa yosh avlodni bilimli, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash bugungi kunning ustuvor vazifasi ekanini qayd etdi.

– Har qanday sohada katta yutuqlarga erishish uchun insonda avvalo halollik, mehnatsevarlik va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilish bo‘lishi kerak. Yoshlar kitob bilan do‘st bo‘lsa, ilm va ma’naviyatga tayansa, kelajak albatta yorug‘ bo‘ladi, – dedi huquqshunos olim.
Muloqotda maktabning 1969-yilgi bitiruvchilari, mehnat faxriylari va nuroniylar ham ishtirok etishib, o‘z hayot yo‘li va tajribalari haqida samimiy fikrlar bildirishdi. Ular yoshlikdagi mashaqqatli yillar, mehnat tarbiyasi, ustozlarga hurmat va Vatanga sadoqat inson kamolotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Qolaversa, tadbirda so‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni, qonun ustuvorligi hamda yoshlarni huquqiy madaniyat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, yoshlarni yuksak ma’naviyat, fuqarolik mas’uliyati va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Ma’rifiy kechaning badiiy qismi ham qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan Vatan haqidagi qo‘shiqlar, milliy raqslar va sahna ko‘rinishlari yig‘in kayfiyatini yanada ko‘tardi. O‘rta avlodning munosib vakili, xalqaro Robindranat Tagor mukofoti sovrindori, taniqli shoir Muhammad Ismoil Vatan, inson qadri va ma’naviyat mavzusidagi she’rlaridan o‘qib berdi. Shoirning she’rlarini yoddan o‘qigan o‘quvchilarga uning “Boshimdagi tojim onam” kitobi sovg‘a qilindi.

Shuningdek, tadbirda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Zulhayo Mingboyeva ham qatnashib, o‘zining yangi she’rlaridan o‘qib berdi. Uning ijodidagi mehr, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ulari yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Anjumanning yana bir qismi esa “ochiq muloqot” bo‘ldi. Yoshlar mehmonlarga hayotda muvaffaqiyatga erishish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, kasb tanlash va insoniy fazilatlarni shakllantirish haqida savollar bilan murojaat qildi. Mehmonlar esa o‘z hayotiy tajribalari asosida samimiy maslahatlar berishdi.
Ayniqsa, yig‘in yakunidagi she’riy lahzalar barcha qalbida unutilmas iz qoldirdi. Yangiyerlik iqtidorli qiz Nodira Omon Muhammad Ismoil qalamiga mansub “Xayr demang, onajon!” nomli she’rni yurakdan his qilib, ta’sirchan ohangda o‘qidi.

She’r yangragan zalda bir zum sukunat hukm surdi. Ona mehri, sog‘inch va inson qalbidagi eng nozik tuyg‘ular aks etgan misralar tinglovchilar yuragiga tez yetib bordi. Beixtiyor ko‘pchilikning ko‘zlarida yosh qalqdi.
Yakunda Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov tomonidan maktabga zamonaviy texnika vositalari — kompyuter jamlanmasi, proyektor, printer hamda kitoblar sovg‘a qilindi. Ta’kidlanganidek, mazkur jihozlar ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etish, o‘quvchilarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
“Uch avlod uchrashuvi” yana bir bor shuni namoyon etdiki, millatning ma’naviy qudrati — avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, ustoz va shogird an’anasi, hayotiy tajriba va ezgu qadriyatlar davomiyligi bilan mustahkamlanadi. Ana shunday muloqotlar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, kattalarga hurmat va kelajak oldidagi mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytiradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri