“Tuya suti meni hayotga qaytardi”
Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan farg‘onalik Odiljon hoji Hamidovga qo‘ng‘iroq qilib, yuksak mukofot bilan samimiy tabrikladik. Aslida bu tanti inson bilan uzoq yillar ilgari tanishgan, qisqa muddatda erishgan yutuqlarini ko‘rib hayratimiz oshgan, kamtarligi, tantiligiga havasimiz kelgan edi.
Serqatnov ko‘cha bo‘yidagi savdo do‘koni, omixta yem sotish shoxobchasi, chorvachilik fermasi va yana choyxona. O‘sha choyxonaga kelgan kishi bemalol shu yerda yotib qolishi ham mumkin edi. Chunki mulk sohibi mehmondo‘st va yaxshi suhbatdosh. Odiljon aka bilan o‘tirib zerikmaysiz, istalgan mavzuda uzoq va mazmunli gurunglashish mumkin. Tadbirkor ko‘pchilik uyda qolishga majbur bo‘lgan, cheklovlar kuchaygan pandemiya davrida ham tingani yo‘q. Sarxil mevalarga to‘la bog‘, kichik baliq xona, turfa xil o‘simliklarga to‘la issiqxona. Bular Odiljon aka bosh bo‘lgan ahil jamoaning mehnat mahsuli. Shuningdek u chorva mollarini ko‘paytirishga, tuyachilikni rivojlantirishga ham astoydil kirishdi. Ayrim kunlari fermada ish jarayonini kuzatib qolib ketardi ham. Aslida Odiljon hojining tuyachilikka qiziqib qolgani bejiz emas. Shuning o‘zi bir tarix.

Bundan o‘n yillar chamasi avval u og‘ir xastalikka chalinib qoldi. Shifokorlar bemorni besh- o‘n kun davolab, obdan tekshirib bo‘lishgach “jigar sirrozi, o‘tib ketibdi, buni davosi yo‘q”, deyishdi. Albatta bu gapni uning o‘ziga emas, yaqinlariga aytishdi. Shu tariqa bemor kasalxonadan uyga qaytdi. Ko‘pni ko‘rgan inson o‘g‘lining yuziga qarab bildiki, ahvoli og‘ir. Yuragida sanchiq turdi, nahotki hammasi tamom bo‘lsa, deb o‘yladi. O‘rnidan arang turib u yoq bu yoqqa yurgan bo‘ldi. Uch-to‘rt kun o‘tib dard kuchaydi, bemor to‘shakka mixlanib qoldi. Shifokorlarning yakuniy xulosasini u g‘oyibona - xotinining o‘ta mehribon bo‘lib qolgani asnosida sezdi, ruhi battar cho‘kdi. Allohning inoyati ekan-da dedi. Ana shunday rutubatli kezda kimdir gap topib keldi: “Xo‘jaobodda bir tuyachi tabib bor ekan, ancha-muncha dardni tuya suti bilan davolayotgan ekan.” “Boraylik, ko‘raylik”, dedi bobo o‘g‘liga. Ne ajabki, Xo‘jaoboddagi tabib ham jigar kasalga chalingan, og‘ir operatsiyani boshidan kechirgan, shifokorlar uning qarindoshlariga ham xudo umr bersinu, ko‘p yashamaydi, degan ekan. O‘sha xo‘jaobodlik tabib ham oz-ozdan tuya suti ichib oyoqqa turganmish.

Xo‘jaobodlik tabibning so‘zlarini tinglagach Odiljon akaning ko‘zlari porlab ketdi. Unda umid uyg‘ondi, tabib buyurganiga to‘liq amal qila boshladi va ne ajabki, to‘shakka mixlanib qolgan odam o‘n kun o‘tmay oyoqqa turdi, yana ozgina fursatdan keyin quvonganidan raqsga tushib ketdi. Xo‘jaobodlik Dilmurod tabibning shifoxonasidan qaytgach hoji akamiz tag‘in shifokorlarga uchradi. Aniqlandiki, “sirroz” balosi butkul yo‘qolgan, jigar tiklangan, ichki a’zolarda ham illat yo‘q.
Odiljon hoji shu zahoti Dilmurod tabibga sim qoqdi: “Sizdan behad minnatdorman, qiyomatli ukam bo‘ldingiz endi, nima yordam bo‘lsa beray, faqat izn so‘ramoqchiman. Men ham tuya olib boqsam, elga nafim tegsa, sizni ranjitib, mijozlaringizni kamaytirib qo‘ymaymanmi, shunga nima deysiz?” – dedi.

– “Bemalol, aka, Zarkent bilan Xo‘jaobod orasidagi masofa juda uzoq, qolaversa, biz bir sababchi, shifo Allohdan”.
Bu javobdan hoji aka ruhlanib ketdi. Tuyachilikni rivojlantirish, topgan tutganini sarflab sayyohlik maqomiga ega bo‘lgan shifoxona qurishga kirishdi.
– Avvalo kitoblar, turli nashrlarni varaqlab tuya boqish sir-asrorlarini o‘rgandim, – deydi Odiljon hoji. – Islom olamida bu jonivorning nechog‘lik qadrli bo‘lganini o‘qigach yanada ruhlandim. Payg‘ambarimiz s.a.v ham tuya boqqan, shu jonivorga mehr qo‘ygan ekan. Bundan tashqari, o‘zim tuya sutini ichib sog‘aydim. Ana shu sabablarga ko‘ra, qo‘shni qishloqdan bir bosh sog‘iladigan tuyani bo‘talog‘i bilan sotib oldim. Shu jonivorni parvarishlash jarayonida ko‘p narsalarga e’tibor qaratdim. Shu tuya kuniga 3 litr sut berardi, o‘sha sutni singlimga ichirdik. Chunki uning bo‘qog‘i bor edi. Yana bir qarindoshimizni oshqozonida illat bor edi. Buni qarangki, ikkovi ham sog‘ayib ketdi. O‘sha paytlar Farg‘ona viloyatida tuya boqish urf emasdi, hech bir tadbirkorda tuya yo‘q edi. So‘rab surishtirib Qashqadaryodan 10 bosh tuya topdim va ularni Zarkent qishlog‘idagi fermamga olib keldim. Shu tariqa tuya suti bilan davolashga yo‘naltirilgan shifoxonamizga asos soldik.

“Vodiy tuyalari” fermer xo‘jaligi va “Sarbon shifo” sog‘lomlashtirish markazi asoschisi Odiljon Hamidovning e’tirof etishicha, bugun fermada 120 boshdan ortiq tuyalar parvarish qilinmoqda. Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan va 3 yulduzli mehmonxonani eslatadigan markazda 60 nafardan ortiq chet el va respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan bemorlar davolanmoqda. Malakali mutaxassislarga Odiljon akaning o‘zi bosh-qosh. Chunki u tabobat ilmining bilimdoniga aylangan, tegishli tashkilotlardan hujjati bor va yana O‘zbekiston tabobat akademiyasining a’zosi hisoblanadi.
Reklama qilyapti demangu markazning ayrim jihatlarni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Bu dargohdan hech kim pulim kuydi, samarasi bo‘lmadi, deb ketgani yo‘q. Kelayotganlarning ham ketayotganlarning ham qo‘li ko‘ksida. Davolanish muddati ko‘pi bilan 21 kun. Narxi katta shaharlardagi narxdan ancha arzon, muhimi bu yerning havosi toza, bir tomoni bog‘, yana bir tomoni gulzor. Derazadan yantoq chaynayotgan tuya va bo‘taloqlarni tomosha qilish mumkin. Mulk egasi yevropalik kiborlar singari binoning me’moriy yechimiga ham, mehmonlar uchun turli qulayliklar yaratishga ham alohida e’tibor qaratgan.

– Eng muhimi kayfiyat. Tuzalishga bo‘lgan ishonchni uyg‘otishda. Kasalning yuragida hayotga umid uchquni paydo bo‘lsa shuning o‘zi birinchi malham. Chunki bu yerga keladigan kishilarning ko‘pchiligi ichki a’zolaridan noliydi. Ba’zilarini ukol olaverganidan ko‘ngli zada bo‘lgan, ba’zilari hayotdan umidini uzgan. Bemorlarimizning aksariyati shunaqa kishilar. Biz buyurgan parhezga amal qilib, tuya sutini iching, xudo nasib etsa, sog‘ayib ketasiz, deymiz. Shunday bo‘lyapti ham, – deydi Odiljon Hamidov.
Toshloqda, Zarkent qishlog‘ida bo‘lgan kun hoji bobo qurdirgan sihatgohda bir kun mehmon bo‘ldim. Tuyachilik fermasidagi ish jarayoni, sog‘lomlashtirish markazidagi hayotni kuzatdim. Tungi oy shu’lasi faqat shu yerga tushayotgandek tuyuldi. Tuyalarning kavshanishi, bemorlarning shivirlab gaplashishi quloqqa elas, elas eshitiladi. Kuz havosi bo‘lsada tashqarida ko‘ylakchan yursa bo‘ladi, navbatchi shifokor ham farroshlar ham tunda uxlashmas ekan. Kimdir televizor tomosha qilyapti, yana kimdir hovlidagi gullarga shaydo, yana kimdir telefon shaydosi. Gazeta va jurnallar taxlami qo‘yilgan joydagi “Shifo info ”jurnali e’tiborimni tortdi, uning yuzida hoji boboning surati, ichki sahifada kattagina maqola e’lon qilingan. Unda shu dargohda shifo topgan odamlarning so‘zlarini o‘qidim.
– Men AQSHda yashayman, asli Olmaliq shahridanman. Jigarim xasta edi, uxlolmasdim, tag‘in tomir tortishish, jig‘ildon qaynashi doimo bezovda qilardi. Eng zo‘r shifoxonalarda davolandim, foydasi tegmadi. Shu yerda kelib 21 kun davolandim, tuya sutini ichib sog‘aydim. Rahmat, hoji akaga, – deydi Mashrabjon Dadajonov.

– Internetda o‘qib shu yerga davolangani keluvdim. Ichki a’zolarim kasalligidan azob chekardim. Tuya suti ichganimdan keyin xotirjamlik tuydim. Hozir otdayman. Uyga qaytgach meni tanimay qolishsa kerak, – deydi quvonchini yashirmay Qirg‘izistondan kelgan bemor Marsiya Qodirova.
Markazda xastaligi turli darajada bo‘lgan va har xil xarakterdagi odamlar bilan suhbatlashib bildikki,tuya suti o‘z mo‘’jizaviy qudratini ko‘rsatmoqda. Kim bilan suhbatlashmang, bu yerga kelganidan juda xursand. Hoji bobo kam ta’minlangan, moddiy ahvoli nochor bemorlarga to‘lov borasida imtiyoz ham yaratib bermoqda. Shuningdek, Zarkent qishlog‘idagi kam ta’minlangan oilalar ham mulkdorning ko‘magidan bahramand, ammo buning ko‘lami haqida hoji bobo aytgisi kelmadi. “Allohga ma’lum-ku, unga muncha, bunga shuncha berdik, deya ehsonni tilga olsak savobi qayda qoladi, dedi kulib. So‘ng hoji bobo biroz o‘ylanib shunday dedi:
– Hamma narsa me’yorda. Tuya sutini ichishda ham, parhez qilish, yurish-turishda ham shunday. Aslida Alloh bandasiga bu hayotni sinov uchun berdimi, qadriga yetmoq kerak. Oshqozonni qop, deb o‘ylaydiganlar qattiq adashadi, ichki a’zolarimiz bizni qaddimizni ko‘tarish, aqlimizni ishlatish uchun kerak bo‘ladigan kuchni berishi, ovqatlanish shunga yarasha sifatli bo‘lishi kerak. O‘z vaqtida kam-kam ovqatlaning, ichki a’zolar azobga qolmaydi, hayotingiz yanada go‘zallashadi, o‘zingiz ham yosharasiz. Aslida butun illat ochko‘zlikda, nafsni tiya olmaslikda. Biz 21 kun ichida bemorlarga o‘z nafsi, tanasi ustidan hukmron bo‘lishni o‘rgatamiz. Sirli joyi yo‘q, tuya suti organizmni illatlardan, xastalikdan tozalaydi, shu orqali og‘ir kasallar hayotga qaytmoqda. Bu yo‘lda biz bir vositachimiz xolos. Hammasi Allohning marhamati. Yana bir gapni alohida ta’kidlashim kerak, shuni albatta yozing, yaratganning inoyati bilan tuya suti meni muqarrar o‘limdan saqlab hayotga qaytardi. Shu bois oldimga najot istab kelayotgan bemorlarga yanada foydali bo‘lsin, deya tuyalarimni asosan to‘liq pishib yetilgan yantoq pichani bilan boqyapman. Bundan ozuqani 120 bosh tuyaga uzluksiz yetkazib berish oson ham, arzon ham emas, ammo ahil jamoamiz bilan barchasiga ulguryapmiz. Maqsad – halol mehnat va aql bilan rizq topish, qishloqdoshlarimga yanada ko‘proq ish o‘rni yaratish, ezgulikka oshno bo‘lish.
Abdunabi Ergash o‘g‘li
O‘zA