Tuxel: «Fodenning maydondagi aniq pozitsiyasini tushuna olmadim»
Germaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, ushbu qarorga faqatgina futbolchining ayni paytdagi sport formasi emas, balki uning maydondagi taktik o‘rni bilan bog‘liq muammolar ham sabab bo‘lgan.
Angliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel «Manchester Siti» yarim himoyachisi Fil Fodenning nima sababdan JCh-2026 yakuniy tarkibidan joy olmaganiga oydinlik kiritdi. Bu haqda talkSPORT nashri xabar berdi.
Germaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, ushbu qarorga faqatgina futbolchining ayni paytdagi sport formasi emas, balki uning maydondagi taktik o‘rni bilan bog‘liq muammolar ham sabab bo‘lgan.
— U terma jamoada — mashg‘ulotlarda ham, maydon tashqarisida ham ajoyib mehnat qildi, — dedi Tomas Tuxel. — Unga ushbu qarorni yetkazish men uchun haqiqatdan ham juda og‘ir bo‘ldi. Yakunda men uning maydondagi aniq pozitsiyasi qayerda ekanligini tushuna olmadim. U o‘ninchi raqammi? Soxta to‘qqizlikmi? Yoki Bernardu Silva uslubidagi sakkizinchi raqam o‘yinchisimi? Futbolchilarni tarkibga jalb etib, keyin ularni o‘zlariga noqulay bo‘lgan pozitsiyalarga qo‘yishni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Bu narsa futbolchilarni baxtsiz qiladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Fil Foden yakunlangan mavsumda «Manchester Siti» tarkibida Angliya Premer-ligasining (APL) 32 ta uchrashuvida maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shunga qaramay, bosh murabbiyning taktik qarashlari sababli u turnirdan tashqarida qoladigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.