Turon milliy sporti AQŞning eng yirik festivallaridan birida namoyiş etiladi
Amerika Qöşma Ştatlarining Ogayo ştati, Kolumbus şahrida kelasi yilning 7-martida tarixiy voqea yuz beradi. Dunyoga maşhur “Arnold Sports Festival” doirasida Turon milliy sporti böyiça ilk xalqaro turnir ötkaziladi.
Bu Özbekiston nomini, milliy ğururini va boy tarixini butun dunyoga körsatiş uçun amalga oşirilayotgan taşabbuslardan yana biri sanaladi.
Xöş, “Arnold Sports Festival” özi qanday tadbir, uning nufuzi nimada, degan tabiiy savol tuğiladi. Bu sport festivaliga 1989-yilda asos solingan. Bugungi kunga kelib u dunyodagi eng yirik sport bayramlaridan biriga aylangan.
Birgina 2026-yilning özida uşbu festivalga 80 dan ortiq davlatdan 20 mingga yaqin sportçi va 100 mingdan ziyod tomoşabin kelgan. Festivalda bodibilding, oğir atletika va turli jang sanʼatlari böyiça yirik bellaşuvlar ötkaziladi. Endi tasavvur qiling: şunday ulkan sahnada, jahonning eng kuçli atletlari qatorida özbek polvonlari ham öz mahoratini körsatadi. Uşbu nufuzli festivalda dunyoning 22 ta sport turi qatorida ilk bor Özbekistonning milliy sporti ham qatnaşadi.
Avvalo, bu iştirok orqali Turon sportini millionlab xorijliklar kaşf etadi. Çet ellik murabbiylar va sport klublari unga qiziqib qolişi kutiladi. Natijada boşqa davlatlarda ham Turon tögaraklari oçilişi mumkin. Şuningdek, bu sport orqali Özbekistonning boy madaniyati va tarixi keng tarğib qilinadi.
Xalqaro Turon federatsiyasi prezidenti Farrux Niyozimbetov bu voqeaning ahamiyatini alohida taʼkidladi. Uning sözlariga köra, Turon sporti avvalo millatimiz merosidir.
– Bu sport turi uzoq tarixga – Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk bobolarimizga borib taqaladi, – deydi Farrux Niyozimbetov. – Biz bu sport orqali özbek millatining asl kuçini, madaniyati va urf-odatlarini butun dunyoga namoyiş qilmoqçimiz. Asosiy maqsadimiz Özbekiston bayroğini yanada yuqoriga kötariş va kelgusida Turonni Olimpiada öyinlari sport turlari qatoriga kiritişdir.
Taʼkidlaş joizki, Turon sporti qisqa vaqt içida dunyo böylab şiddat bilan ommalaşmoqda. 2025-yilning 15-iyulida Xalqaro Turon federatsiyasi tuzilgan bölsa, bugungi kunda unga 35 ta davlat aʼzo böldi. 2026-yilning iyun oyida Toşkentda ötgan ilk Jahon kubogida 25 tadan ortiq davlatdan 600 ga yaqin sportçi qatnaşdi. Bu musobaqaga AQŞ, Kanada, Buyuk Britaniya va Çili kabi uzoq davlatlardan ham vakillar keldi. Bu Yangi Özbekistonda sportga qaratilayotgan ulkan eʼtiborning yaqqol natijasidir.
Amerikadagi festival doirasida faqatgina sport musobaqalari ötmaydi. Özbekistonning AQŞdagi elçixonasi, Nyu-Yorkdagi Boş konsulxonasi va “Vatandoşlar” jamoat fondi hamkorligida katta madaniy dastur ham tayyorlanmoqda.
Tomoşabinlar milliy kuy-qöşiqlarimiz, raqslarimiz va hunarmandçilik buyumlarimizdan bahramand böladi. Çet ellik mehmonlar milliy sportimiz orqali Özbekiston nomi va gözal qadriyatlari bilan yaqindan tanişadi.
Demak, kelgusi yil Kolumbus sahnasi xalqimizning matonati, gözal qadriyatlari va yangilanayotgan qiyofasini ham jahonga namoyiş etadi.
ÖzA