TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Buxoroda
Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan TURKSOY tashkilotm Bosh kotibi Sultanbay Rayev Buxoroga keldi.
Martabali mehmon viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Sultanbay Rayev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik aloqalari kuchayib borayotganini, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti bu borada muhim voqea bo‘lganini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonning turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lgani mamnuniyat bilan e’lon qilingani alohida ta’kidlandi.

Botir Zaripov Buxoroda milliy madaniyatimizni ulug‘lovchi xalqaro festival va tadbirlar o‘tkazilayotganini qayd etib, ushbu yo‘nalishda tashkilot shafeligida qo‘shma tadbirlar, loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali turkiy mamlakatlar madaniyatini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni bildirdi.
TURKSOY Bosh kotibi bu borada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

– Buxoro – insoniyat sivilizatsiyasining o‘chog‘i, allohning mehri tushgan joy, – dedi TURKSOY Bosh kotibi. – Sizlarning noyob nomoddiy madaniy merosingiz bisyor. Masalan, Alp Er To‘nga nomi turk xalqlari davlatchiligi boshlanish nuqtasi va yo‘lboshchisi sifatida qator tarixiy manbalarda, adabiyotlarda keltirilgan. Qadimgi arab va fors manbalarida esa Alp Er To‘nganing qabri Buxoroda ekani qayd etilgan. Turon davlatchiligi tarixidagi noyob shaxs hisoblangan Alp Er To‘nga haqidagi haqiqatni tiklash, bu borada turk dunyosi olimlarini Buxoroda jamlab ilmiy anjuman tashkil etish bu boradagi masalalarga oydinlik kiritadi. Biz Buxoroning barcha ajoyib jihatlarini turkiy xalqlarga namoyish etish istagidamiz.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Alp Er To‘nganing qabri bor deb taxmin qilinayotgan Buxoro shahridagi Xoja imom Abu Hafs Kabir qabristonida bo‘ldi.

Tarixchi olim Azalshoh Hamroyevning ma’lumot berishicha, taxminan miloddan avvalgi 630 yilda Turon va Eron o‘rtasida qarama-qarshiliklar avj olgan. Siyovushning o‘g‘li Kayxusrav Turonga bostirib kirgan va Afrosiyob bilan jang qilgan. Janglarda Afrosiyobning qo‘li baland kelgandan keyin Kayxusrav hiyla ishlatib, ziyofat paytida Afrosiyobni zaharlab o‘ldirtirgan.

“Narshaxiy o‘z asarida bu voqealarni quyidagicha tasvirlaydi. Siyovushning Kayxusrav nomli o‘g‘li bo‘lib, u otasining qonini talab qilib, ko‘p lashkar bilan bu viloyatga kelganida Afrosiyob shu Romtin (hozirgi Romitan) qishlog‘ini hisor qilib turgan… Kayxusrav 2 yildan keyin Afrosiyobni tutib o‘ldirdi. Afrosiyobning go‘ri Buxorodagi Ma’bad darvozasida, rahmatli Xoja imom Abu Hafs Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir".

Tarixchi olimning ma’lumotiga ko‘ra, bu tepalik hozirgi Buxoro shahridagi Hazrati Imom qabristoni o‘rniga to‘g‘ri keladi. Agar qabr topilsa, turkiy xalqlar davlatchiligiga 4 ming yildan ziyod bo‘lgani isbotlanadi.

Botir Zaripov turk dunyosi olimlari va ilmiy jamoatchiligini jamlagan holda Alp Er To‘nganing qabri bilan bog‘liq taxminlarga yanada oydinlik kiritish zarurligini ta’kidladi va bu borada zarur chora- tadbirlar ko‘rilishini bildirdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri