Turkiyalik mutaxassislar Namanganda bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazdi
E’tirof etish darkor, Yangi O‘zbekistondagi har bir bola – davlat rahbariyatining doimiy g‘amxo‘rligi va ijtimoiy himoyasida. Ayniqsa, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oila farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini tiklash, nazorat qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining "Sog‘lom kelajak" aksiyasi doirasida Turkiyaning malakali plastik xirurg va umumiy xirurg mutaxassislari ishtirokida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Mazkur xayrli ko‘rik kechiktirib bo‘lmaydigan og‘ir turdagi kasalliklarni yurtimiz va xorij klinikalarida o‘z vaqtida davolash, malakali tibbiy-ko‘riklarni tashkil etish, bemor bolajonlarga yordam berishga qaratildi.

E’tiborlisi shundaki, ushbu ezgu aksiya fond tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, aholi uchun bepul tarzda amalga oshirilmoqda. Endilikda bemor bolajonlarni xorijga chiqib, davolanishlariga ehtiyoj qolmayapti.
Namanganda tashkillangan ko‘rikda diagnostika tekshiruvlari natijasida dastlabki kuni 203 nafar, shundan 105 ta umumiy xirurgiya va 98 ta murakkab plastik xirurgiya yo‘nalishida bolalar tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni reabilitatsiya qilish va keyingi bosqichda operatsiyaga tayyorlash uchun saralab olindi. Endilikda turli darajadagi murakkab amaliyotlar oktabr oyi oxirida turk va mahalliy shifokorlar ishtirokida o‘tkaziladi. Bu esa o‘z navbatida mahalliy shifokorlarning malakasini oshirishga ham xizmat qiladi.

“Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun!” tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘lgan, xorijiy shifokorlar qatnashgan tibbiy aksiya yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chet emasligi, ayniqsa, og‘ir va dardmand oila farzandlariga berilayotgan ijtimoiy yordamdan yorqin dalolat beradi.
Qolaversa, chet ellik mutaxassislarni ko‘proq yurtimizga taklif qilish, nafaqat tajriba almashish, balki murakkab amaliyotlarni bamaslahat, mahorat darsi sifatida o‘tkazilishi o‘zaro fikr almashish maydonini ham yuzaga keltiradi.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘n to‘rtinchi bor uyushtirilgan tibbiy ko‘rik bundan avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Xorazm va Andijon viloyatlari hamda poytaxtimizda tashkil etilib, unda bemor bolajonlarni chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazilgan. O‘tgan davr mobaynida ular tomonidan qariyb 800 dan ortiq murakkab amaliyotlar bajarilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri