Turkiyada zilzila va saylov...
Jumadan jumagacha
Turkiyaning janubi-sharqiy mintaqasida yuz bergan qator kuchli zilzilalar oqibatida G‘oziantep, Qahramonmarash, Xatay, Usmoniya, Adiyomon, Malatiya, Shonliurfa, Adana, Diyorbakir va Kilis viloyatlari eng ko‘p talafot ko‘rdi. Markaziy nuqtaga yaqin joylashgan qo‘shni Suriyadagi Aleppo, Idlib, Latakiya va Xama vayrona ichida qoldi. To‘lqin Livandan tortib Gruziyagacha yetib bordi...
Mahalliy mutaxassislar seysmofaol Istanbulni o‘ta xavotirli mintaqa, deb bilar, shu sababli mazkur mega shaharda baland binolar, xususan, “Istanbul kanali” qurilishi atrofida jiddiy bahs-munozara to‘xtamayotgan edi. “Bosfor-2”ni bunyod etish jarayonida millionlab tonna tuproq qazib chiqarilishi Marmar dengiz seysmik faolligiga ta’sir qilishi muqarrar, deya bong urmoqda edi muxolifat.
Prezident mazkur falokatni 1939 yildagi zilzila bilan solishtirdi. O‘shanda 32 mingdan ko‘p inson halok bo‘lgan, yuz mingdan ortiq odam jarohatlangan.
Ekspertlar tabiiy ofat natijasi 14 may kuniga mo‘ljallangan prezident va parlament sayloviga ta’sir ko‘rsatishi haqida bahsli fikrlar bildira boshlagan.
Zilzila markazi kurdlar yashaydigan mintaqaga to‘g‘ri keldi, hukumatning esa kam sonli millat bilan munosabati ancha tarang.
Hukumat har qancha urinmasin, kurdlarning Demokratik partiyasini siyosiy jarayondan chetlashtirishga erisha olmayapti. Ushbu partiyaning avvalgi yetakchisi Salohiddin Demirtosh bir necha yildan beri hibsda. Bir necha o‘n yillardan buyon hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi bu mintaqada saylovni to‘liq nazoratga ololmay sarson...
“Saylov belgilangan muddatda o‘tadimi?” savoli atrofida turli fikrlar yuribdi. Qutqaruv-qidiruv davom etarkan, muhim masala haqida o‘ylash hukumatning ko‘ngliga sig‘mayapti va bu to‘g‘ri ham!
Ehtimol, saylov kechiktirilar?! Davlat rahbari muxolifat vakillari bilan uchrashib, keyin bir fikrga kelishi to‘g‘risida ham gap-so‘z bor.
2018 yildagi ma’lumotga ko‘ra, zilziladan zarar ko‘rgan o‘n viloyatda to‘qqiz millionga yaqin saylovchi bor. Hududdan bu yil davlat rahbari va 91 nafar deputat saylanishi kerak edi. Buning ustiga mintaqada uch oylik favqulodda holat e’lon qilingan. Bu yana bir bosh og‘rig‘i...
Davlat yetakchisi vayrona shaharlarda bo‘lib, bir yil ichida barcha yiqilgan uylar tiklanishini aytdi. Demokratik partiya raisi Gultekin Uysal “Saylov bir yilga kechiktirilishini tushunish kerakmi?”, deya yelka qoqib qo‘ydi.
“Yaxshi” partiyasi raisi o‘rinbosari Bahodir Erdem “Konstitutsiyaga, “Prezidentlik saylovi to‘g‘risida” va “Parlament saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq, urush tufayli saylov bir yil kechikishi mumkinligini eslatdi. Hujjatlarda esa “tabiiy ofat haqida gap-so‘z yo‘q”.
Turkiyada bunga misol bor. Sharqiy Onado‘li mintaqasi Mush viloyatining Varto shahrida 1966 yil 16 avgustda sodir bo‘lgan, uch mingga yaqin odam vafot etgan zilzila saylov paytiga to‘g‘ri kelgani uchun mintaqada mahalliy saylovlar bir yilga kechiktirilgan edi...
Oxirgi gapni Markaziy saylov komissiyasi aytadi, MSK esa “yuqorining buyrug‘isiz hech narsa qilmaydi”, deydi tahlilchilar. Saylovni o‘tkazish bo‘yicha qaror chiqsa, qonunga ko‘ra, hujjatni Buyuk millat majlisi tasdiqlashi kerak...
Hozircha biz turk xalqiga hamdardmiz...
Bayden saylovda qatnashadi...mi?
O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Jo Bayden “Mamlakatdagi vaziyat to‘g‘risida” Kongressga murojaat qildi. Aslida, Konstitutsiyada prezidentga bunday majburiyat yuklanmagan. 1930-yillarda urfga kirgan bu an’ana haliyam davom etib kelyapti. Odatda Kongressga murojaat yanvar oyi oxiridan fevral oyi yarmigacha bo‘lib o‘tadi.
Murojaatda asosiy urg‘u Amerikaning ichki muammolariga qaratiladi, tashqi siyosat ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Davlat yetakchisi tantanavor tarzda erishilgan muvaffaqiyatlar haqida to‘lqinlanib gapirdiki, ekspertlar bundan “hali qiladigan ishlarim ko‘p”, degan ma’no chiqarishdi. Binobarin, amerikaliklarning o‘zlari ham bu gaplarga anchayin shubha bilan qarashdi.
AQSHning barcha Prezidentlari ikkinchi muddatga saylanish uchun harakat qilgan. Faqat Lindon Jonson 1968 yili – Vetnam urushi avj olib turgan payt “sharmanda bo‘lmaslik uchun” imkoniyatdan voz kechgan.
Murojaatda amerikaliklarni ko‘proq qiziqtiradigan iqtisod masalasi ko‘tarildi: ishsizlik darajasi oxirgi 50 yil 3.4 foiz tushgani haqida maqtanildi. Yangi hokimiyat davrida 800 ming ishchi o‘rni yaratilgani, inflyatsiya va energiya tashuvchi vositalar narxi tusha boshlagani ta’kidlandi.
Aslida, aksariyat aholi Bayden ma’muriyatining iqtisodiy muvaffaqiyatiga shubha bilan qaraydi. “Gallup” markazi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovda uchdan ikki qatnashchi joriy yil birinchi yarmida inflyatsiya darajasi oshishini taxmin qilgan, “NBC News” so‘rovida 61 foiz respondent Baydenning iqtisodiy boshqaruvini qo‘llamasligini qayd etgan.
Davlat rahbari politsiyada islohot o‘tkazish, qurol nazorati bo‘yicha yangi qonun ishlab chiqish masalasiga to‘xtaldi. Ortiqcha yig‘imlar, masalan, bank tizimida, dam olish joyida, samolyotda o‘rinni band qilish uchun belgilangan turli-tuman bojlarni bekor qilish chorasi ishlab chiqilayotnini sanab o‘tdi. Ekspertlar bunday balandparvoz gaplar qayta saylanish maqsadiga yo‘naltirilganini iddao qilishdi.
Ma’ruzada insulin narxini tushirish, milliarderlardan olinadigan soliqni ko‘paytirish va boshqa rejalar ham o‘rin oldi.
Yana bir tashvishli muammo – giyohvand moddalar tufayli o‘lim holati ko‘payib borayotgani. Baydenning so‘zlariga qaraganda, yiliga 100 mingga yaqin inson og‘u ta’sirida vafot etmoqda. Tahlilchilar esa Tramp davrida narkotikdan o‘lim soni ancha kam bo‘lganini eslatishdi.
O‘tgan hafta Amerika osmoniga uchib kelgan Xitoy shari jiddiy shov-shuvga sabab bo‘lib turgan paytda, Bayden nutqi oxirida “XXR bizning suverenitetga tajovuz qiladigan bo‘lsa, mamlakatimiz himoyasi uchun qat’iy harakat bilan javob beramiz”, deb qo‘ya qoldi.
Uning nazdida, go‘yo, Ukrainada hech nima bo‘lmayotgandek. Shunchaki, mehmonlar uchun ajratilgan hududda o‘tirgan Ukrainaning AQSHdagi elchisiga qarata “qancha zarur bo‘lsa, shuncha yordam beramiz”, deb va’da berishni unutmadi.
Yetakchi zilziladan ham bexabardek, Turkiya va Suriyani eslab ham qo‘ymadi.
Mahalliy matbuot ma’lumotiga ko‘ra, Prezidentning bu murojaatini 38 million kishi televizor orqali kuzatgan. Milliy futbol ligasi o‘yini (Super Bowl)ni esa 100 mingga yaqin ishqibozi tomosha qilibdi...
Xitoy – Eron do‘stligi...
Haftaning yana bir muhim voqeasi Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning Xitoyga safari bo‘ldi. Bu Eron rahbarining XXRga yigirma yil ichidag ilk davlat tashrifidir.
Oxirga marta Raisiy va Szinpin o‘tgan yil sentyabrda Samarqandda, SHHT sammitida ko‘rishgan. O‘shanda Xitoy yetakchisi ikki mamlakatni “an’anaviy do‘stlik bog‘laydi, o‘zaro munosabatimiz xalqaro vaziyat o‘zgarishi asnosida sinovdan o‘tgan”, degan edi.
Bu galgi uchrashuv natijasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, turli sohalarni qamrab olgan 20 ta bitim imzolandi. Raisiy har bir qadamini, har bir suhbat mavzusini mamlakat ma’naviy yetakchisi Oyatullo Sayid Ali Humayniy bilan kelishdi, deyishdi tahlilchilar.
Eron delegatsiya tarkibini shakllantirishga alohida e’tibor berdi. Ro‘yxatdan tashqi ishlar, iqtisodiyot, transport, neft, qishloq xo‘jaligi va savdo vazirlari, shuningdek, yadro dasturi bo‘yicha yetakchi muzokarachi Ali Bageriy Kaniy va Markaziy bank raisi joy olishdi.
Bundan tashqari Raisiy Xitoy Kommunistik Partiyasi bosh nashri “People’s Daily” gazetasi uchun yozgan maqolasida Eron tashqi siyosati doktrinasini ta’rifladi. Uning so‘zlariga e’tibor beraylik: “Sayyoraviy geosiyosiy inqiroz yangi aniq konturlarni belgilab, yangi davrni boshlab bermoqda. Bu jarayonda insoniyatning o‘sib boruvchi ikki sivilizatsiyasi – tarixiy tashabbus doirasida bir-biri bilan qadimgi Ipak yo‘li orqali bog‘langan Eron va Xitoy faol bo‘ladi!”
Ekspertlar Xitoy – Eron – Rossiya salohiyatli strategik uchligi atrofida juda ko‘p gapiradilar. Moskva bu ittifoqda sivilizatsiya identifikatsiyasi nuqtai nazaridan kichik sherik sifatida baholanadi.
Yagona muammo bundan keyin Tehron va Pekin qadimiy munosabatni yangi yo‘lda qanday davom ettirishi bilan bog‘liq.
Raisiy Xitoy Xalq Vakillari majlisining doimiy qo‘mitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashuvda o‘zaro munosabatni “og‘ir yillar sinovidan o‘tgan do‘stlik”, deb atadi.
Bu bayonot bekorga yangramadi: Tehron va Pekin ittifoqi haliyam Erondagi G‘arb bilan muloqot tarfdori bo‘lgan ayrim siyosiy kuchlarga yoqmasligi aniq. Aynan o‘shalar Xitoy bilan 25 yilga mo‘ljallangan “Hamkorlikning kompleks rejasi” hujjatiga e’tiroz bildirishgan. Qarshi tomon fikricha, hujjat amalda ishlay boshlasa, “Yaqin Sharqda siyosiy va iqtisodiy kuchlar taqsimlanishi jiddiy o‘zgarishga olib kelishi, Tehronning G‘arb yo‘nalishidagi harakatini susaytirib qo‘yishi mumkin”.
Eronlik ekspertlar ikki davlatning o‘zaro manfaatli intilishi natijasida siyosiy va iqtisodiy maqsadlarga birgalikda erishish imkoniyati keng, deyishadi. Mamlakatning boshqa davlatlar bilan hamkorlikda Yaqin Sharqdagi strategik maqsadlariga erishish imkoniyati chegaralangani AQSHning geosiyosiy va moliyaviy-iqtisodiy gegemonligini buzish uchun “Tehronni Pekin va Moskva quchog‘iga yo‘naltirmoqda”. Bu esa Vashingtonga qarshi borayotgan Eron uchun ma’qul. Qolaversa, mintaqada siyosiy, harbiy, moliyaviy va iqtisodiy salohiyatini keng namoyish qilayotgan Pekinga ham to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari Eron neft va tabiiy gaz zaxirasiga boy yurt. Bu ham Xitoyga juda qo‘l keladigan omil. Boz ustiga Eron Xitoy mahsulotlari uchun keng bozor.
Hozir Pekinning Tehron tufayli Vashington bilan munosabatni keskinlashtirishi, Amerika sanksiyalariga qarshi borishi ancha mushkul.
Raisiy Pekinga safari davomida, davlat rahbaridan tashqari, Bosh vazir Li Ketsyan, parlament raisi Li Chjanshu, shuningdek, hukumat a’zolari va davlat korporatsiyalari vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan turli sohadagi hamkorlik muhimligini tasdiqlagan. Xalqaro va mintaqaviy, ayniqsa SHHT doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgan.
Eron va Xitoy ekspertlari fikricha, bu galgi tashrif ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida “yuqori darajada siyosiy ishonch” tug‘ilganidan darak beradi. Qolaversa, Eron o‘zi belgilagan buyuklik maqomida tashqi siyosatdagi vektorini kengaytirmoqda...
Buguncha shu.
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi