Turkiya Oyga fazoviy kema uchiradi
Turkiya koinot va kosmik texnologiyalar sohasidagi salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ikki yirik loyihani amalga oshirishga kirishdi.
Anqara Koinot va ob-havo monitoringi markazi (UHUM)ni tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish barobarida, ilk fazoviy qurilmasini Oy tomon uchirishni rejalashtirgan. “Anadolu” agentligi mamlakatning 2027-yil rejasiga tayanib xabar berishicha, Milliy kosmik dastur doirasida Oyni tadqiq qilish va mahalliy sun’iy yo‘ldoshlarni rivojlantirish asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
“UHUM” markazi koinotdagi ob-havo o‘zgarishini uzluksiz kuzatadi, oqibatni muvofiqlashtiradi va iqlimni oldindan taxmin qiladi. Ushbu majmua oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari izlanishlarini muvofiqlashtirib, xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytiradi.
Quyosh bo‘roni va koinotdagi ob-havo o‘zgarishi sun’iy yo‘ldosh, aloqa, navigatsiya tizimi hamda yer usti elektr tarmog‘i barqarorligiga xavf tug‘diradi. Shu bois bunday hodisalarni doimiy nazorat qilish strategik ahamiyatga ega. Mazkur yirik loyiha Turkiya Sanoat va texnologiya vazirligi rahbarligida Koinot agentligi, “TÜBİTAK” hamda yetakchi universitetlar hamkorligida hayotga tatbiq etiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA