Turkiy xalqlar ijodkorlari Andijonda birlashdi
Andijonda TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yig‘ilishi hamda "2026-yil — Ziyo Ko‘kalp yili"ga bag‘ishlangan xalqaro ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Andijon viloyati hokimligida o‘tkazilgan TURKSOY yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi va ijodiy uchrashuvda Turksoy yozuvchilar uyushmasi vakillari, viloyat hokimligi mutasaddilari, TURKSOYga a’zo davlatlar yozuvchi, shoir, adabiyotshunoslari, andijonlik ijodkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo olib bordi.


Anjumanda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Elyorbek Holmirzayev, TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev so‘z olib, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan Andijon shahri 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinganligi, ana shu maqom doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar Andijonnning nufuzini yanada oshirishga, turkiy xalqlar ijodkorlari, madaniyat ahlini bir-biriga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
– Shoh va shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur yurtida o‘tayotgan tadbirimiz turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, ijod ahli o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlaydi, – deydi TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Eshdavlat. – Turksoy tomonidan tashkil etilayotgan har bir tadbir ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” degan g‘oya xalqlarimiz yozuvchi va shoirlarning, har bir ijodkor, adabiyot ahlining bosh shioriga aylanadi.
Uchrashuvda Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Salim Babulla o‘g‘li turkiy halqlar ijodkorlari tomonidan chop etilayotgan kitoblarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan takliflar bildirdi.
– O‘zbekiston, o‘zbek xalqi men uchun juda qadrli, – deydi Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi Qulbek Ergobek. – Tarixda turkiy xalqlar juda ko‘p mashaqqat va hayot qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazgan. Xususan, o‘tgan asrning 30-yillarida yuz bergan ocharchilik davrida, bir necha million qozoqlar vafot etgan. O‘sha paytda 10 yoshli qizcha bo‘lgan onam yaqinlari bilan Andijonga, qarindoshlarining oldiga kelib, ochlik ofatidan omon qolganini ko‘p bor gapirib bergan. Shu ma’noda ham men o‘zbek xalqidan, andijonliklardan cheksiz minnatdorman. Bir-biriga o‘xshash o‘tmishi, tili, dini, qadriyatlari bir xalqlarimiz ijodkorlari do‘stligimizni, birligimizni yanada mustahkamlash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlari kerak. Chunki adabiyot xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Shu o‘rinda men o‘zim yashayotgan Turkistonda Turksoy bo‘limini ochish, uning tasarrufiga o‘zim tashkil etgan adabiyot muzeyi, kutubxona va san’at asarlari galereyasini o‘tkazishni taklif qilaman.


Shundan so‘ng uchrashuvda so‘z olgan Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyev, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Enes Kala, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Salim Babulla o‘g‘li, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Beybit Saribay tomonidan ham qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuvda kelgusi yil uchun tuziladigan rejalar yuzasidan mulohazalar bildirildi, turkiy dunyoning umumiy adabiy qarashlarini mustahkamlash, hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, turkiy adabiyotlar o‘rtasidagi aloqalar, turkiy xalqlarning umumiy madaniy xotirasini kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladigan yangi hamkorlik modellari, sun’iy intellekt va raqamli adabiyot, raqamli transformatsiyaning adabiyotga ta’siri, xususan, sun’iy intellekt texnologiyalarining badiiy ijod, tarjima va nashriyot sohalarida yaratgan imkoniyatlari bilan birga yuzaga kelayotgan muammolar ham ko‘rib chiqildi.


Turkiy dunyoning umumiy raqamli adabiyot platformasini yaratish, elektron kutubxonalarni rivojlantirish, yozuvchilarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish, mumtoz asarlarni raqamlashtirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.
TURKSOYga a’zo mamlakatlar yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida barqaror hamkorlik mexanizmlarini yaratish, qo‘shma nashrlar va tarjima loyihalarini amalga oshirish, umumiy antologiyalar tayyorlash, yosh ijodkorlar uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro adabiyot festivallarini o‘tkazish, atoqli shoir va yozuvchilarning yubileylarini birgalikda nishonlash kabi qator tashabbuslar ham ilgari surildi.
– Uchrashuvda turkiy xalqlar ijodkorlari, ayniqsa, yosh ijodkorlar hamkorligini mustahkamlash xususida ham ko‘p fikrlar bildirildi, – deydi Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos, Jahon yosh turkiy ijodkorlar uyushmasi rahbari Intiqom Yashar. – Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim kerakki, yosh ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanib, ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, Ozarbayjonda o‘nlab turkiy xalqlar yosh ijodkorlarining kitoblari ozarbayjon tilida chop etildi.

– Ushbu ijodiy uchrashuv andijonlik ijodkorlarga ham shijoat, ilhom beradi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Abdulhay Sobirov. – Kardosh xalqlar taniqli ijodkorlarining ijodiy hamkorlikni, birlik va do‘stlikni mustahkamlash bo‘yicha taklif va tashabbuslarini tingladik. Ijodkorlarimizning bu kabi ezgu va xayrli ishlari shubhasiz, birligimizni, do‘stligimizni mustahkamlash bilan birga, turkiy adabiyot rivojini yanada yuqori bosqichga ko‘taradi.
Bir so‘z bilan aytganda, TURKSOY tashabbusi bilan O‘zbekistonda va qardosh mamlakatlarda tashkil etilayotgan madaniy, ilmiy, ma’rifiy anjuman, ijodiy va ilmiy uchrashuvlar turkiy dunyo ziyolilari, ijodkorlari o‘rtasidagi do‘stlik, birlik, hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni birlashtirishga, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.