Turkiy ellarni teran tomirlar birlashtiradi
Dunyoda xalqlar va mamlakatlarning hamkorlik yo‘nalishlarini belgilaydigan, o‘zaro qo‘llab-quvvatlovchi, harakatlarni ma’lum kelishuvlar doirasida birga olib borishni nazarda tutuvchi xalqaro tashkilotlar, birlashmalar, uyushmalar juda ko‘p. Bunday tashkilotlarga qo‘shilishning yagona sharti har bir a’zo mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy manfatlariga to‘g‘ri kelishi, ularning taraqqiyotiga, xalqlari farovonligiga xizmat qilishi kerak.
bugungi kunda jahon hamjamiyatidan munosib o‘rnini topgan O‘zbekiston ham o‘z mustaqilligini e’lon qilgandan keyin ko‘plab xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyovning shaxsiy tashabuslari bilan dunyo ahlining rivojlanishiga, taraqqiyotiga xizmat qiladigan global loyihalarda faol ishtirok etayotgani mamlakatimizning obro‘sini tobora oshirmoqda. Ana shunday tashkilotlarning biri Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashidir.
Tuzilmaga 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida asos solingan. Turkiy kengashning asosiy vazifasi a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash borasida o‘zaro hamkorlik qilishdan iborat.
Davlat rahbarlari darajasidagi sammitlar Tashkilotning oliy tuzilmasi bo‘lib, 2011 yildan boshlab har yili bir marotaba o‘tkazib kelinmoqda.
Yaqinda Ozarbayjon hukumati Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlardan bir guruh jurnalistlarni Ozarbayjonga taklif etdi. O‘zbekiston Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon hamda kuzatuvchi maqomida bo‘lgan Vengriyadan kelgan jurnalistlar Boku shahrida qator tadbirlarda ishtirok etdi.
Mazkur safardan maqsad 2020 yil kuzida Ozarbayjon qurolli kuchlarining jangovar harakatlari natijasida dushmandan ozod qilingan hududlar, xususan, Tog‘li Qorabog‘ chorak asr davomida qay ahvolga keltirilgani, urushning vayronkor izlari, achchiq taqdirlar, qadrdon uylarini tashlab ketgan insonlar hayotidan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish edi.
Safar davomida qator uchrashuvlar, suhbatlar uyushtirildi. Turkiy dunyosining vakillari, hamkasblarimiz bilan soha bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollari haqida suhbatlashdik. Uchrashuvlar davomida biz o‘zbekistonlik jurnalistlar shuni chuqur angladikki, O‘zbekiston mazkur tuzilmada o‘z o‘rniga, nufuziga ega. Buni biz davlatimiz rahbarining tuzilma doirasida bo‘lib o‘tayotgan oliy darajadagi uchrashuvlarda faol qatnashishi, hayotiy dolzarb masalalarda ilgari surayotgan tashabbuslari tashkilotga a’zo mamlakatlar tomonidan yuqori baholanayotganidan ham yaxshi angladik.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni va qardosh davlatlar va qator mintaqaviy tashkilotlar bilan ochiq va konstruktiv hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan oqilona tashqi siyosati Turkiy kengash doirasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
Shavkat Mirziyoyevning tashkilot doirasidagi sammitlarda har safar iqtisodiy, sarmoyaviy, savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya va logistika tizimlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ziyorat turizmi bo‘yicha qator tashabbuslarni faol ilgari surib kelayotgani bejiz emas.
Bu haqda Bokuda jurnalistlar bilan o‘tgan uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi – Prezident ma’muriyatining tashqi siyosat masalalari bo‘limi rahbari Hikmat Hojiyev ham alohida ta’kidladi. U o‘zbekistonlik jurnalistlarga O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligini yanada sermahsul qilish imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.
Darhaqiqat, mamlakatlarimiz o‘zaro hamda turli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bunga O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida turli sohada amalga oshirib kelayotgan samarali hamkorlikni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

– Mamlakatlarimiz Buyuk ipak yo‘lini tiklash va rivojlantirish bo‘yicha ham manfaatli qadamlarni tashlamoqda. Bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlarimiz ko‘p. Bu yo‘lda jurnalistlarning ham yordamiga suyanamiz, albatta. Bunday press-turlar ijod ahlining fikr almashuviga, do‘stlashuviga, birlashuviga xizmat qiliadi, – dedi Hikmat Hojiyev.
O‘zbekiston Turkiy kengashga a’zo barcha davlatlar bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatgan. Binobarin, mamlakatimizning tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni tobora faollashtirib, dolzarb tashabbuslarni doimiy ravishda ilgari surib kelayotgani, hali ishga solinmagan juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Prezidentimiz Tog‘li Qorabog‘ masalasida ham mamlakatimizning ochiq va qat’iy pozitsiyasini aytib o‘tgan. Davlatimiz rahbari Ozarbayjon xalqi va Prezidenti Ilhom Aliyevni Tog‘li Qorabog‘ hududini qaytarib, tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi g‘alabasi bilan muborakbod etib, O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan edi. Qadimiy obidalarni qayta tiklash va ta’mirlash borasida yurtimizda katta tajriba maktabi shakllangani inobatga olinsa, Prezidentimizning fikrlari aniq asosga ega ekanini bilish qiyin emas.
Prezidentimiz, shuningdek, Turkiy kengash taraqqiyotini ta’minlashda unga a’zo mamlakatlarda juda katta salohiyat mavjudligini ham alohida ta’kidlab keladi. Yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini tayyorlash, Turkiy kengashning o‘z Investitsiyaviy jamg‘armasi hamda Taraqqiyot bankini ta’sis etish, mintaqaning transport va tranzit salohiyatini oshirish, Markaziy Osiyo hududi orqali dunyoning asosiy savdo bozorlariga, xususan, Xitoy, Hindiston, Pokiston hamda Osiyoning boshqa mamlakatlariga, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa Ittifoqi davlatlariga chiqish imkoniyatlari bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslari bunga yaqqol misol. Qolaversa, davlatimiz rahbari turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash, qardosh xalqlarimiz umumiy moddiy va madaniy merosini kelajak avlodlarga bezavol yetkazishni, ijod ahli o‘rtasida o‘zaro faol almashuvlarni amalga oshirishni ham o‘ta muhim masalar qatoriga qo‘shgan.

– O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni men ham kuzatib boraman. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, dunyo ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston haqida yaxshi xabarlarni ko‘p yozmoqda. Bu – haqiqat. Zero, O‘zbekiston keng imkoniyatlarga boy mamlakat. Xalqingiz mehnatkash, eng muhimi, yurtingizda tinchlik. Bunday mamlakatda intilish, yuksalish ham katta bo‘ladi. O‘zbekistonning yangi-yangi marralarni egallashiga ishonaman. Bizni qiyin kunlarda qo‘llab-quvvatlab turgan qardoshlarimizdan minnatdormiz, – deydi siyosiy sharhlovchi Azer Hazrat.
– Men O‘zbekistonda bo‘lmaganman. Lekin yurtingizdagi o‘zgarishlarni ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib boraman.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda juda katta islohotlar amalga oshirildi, mamlakatingiz dunyoga ochildi. Qardosh millat vakili sifatida erishayotgan yutuqlaringiz meni quvontiradi. Mamlakatingiz benihoya go‘zal, xalqingiz mehmondo‘st ekaniga aslo shubha qilmayman. Turkiy tilli mamlakatlardan kelgan bir guruh jurnalistlar Ozarbayjon bo‘ylab tashkil etilgan tadbirda qatnashib, Tog‘li Qorabog‘dagi urush dahshatlarini ko‘rib, tinchlik har bir xalq uchun qanchalik aziz, uni asrab-avaylash har birimiz uchun muqaddas burch ekanini chuqur angladik, – deydi yana bir hamkasbimiz, Turkiyaning “Sabah” gazetasi muxbiri Kenan Kiran.
Ma’lumki, turkiy xalqlar butun insoniyatning boyligi hisoblangan bebaho madaniy merosga ega. Mamlakatlarimizda turkiy va islom sivilizatsiyasining tarixiy yodgorliklari, buyuk olimlar, shoir va mutafakkirlar, rassomlarning merosi asrab-avaylanadi. Bu bebaho boylik butun insoniyat mulki bo‘lib, undan dunyo ahli bahramand bo‘lishi kerak. Bu borada ziyorat turizmini faol rivojlantirish juda muhim. Zero, madaniy-gumanitar hamkorlik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar muhitini shakllantirishga, insonlarni birlashtirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda 2019 yili O‘shda bo‘lib o‘tgan TURKSOYning doimiy kengashi o‘tkazgan 37-majlisida Xiva shahri Turk dunyosining 2020 yilda madaniy poytaxti, deb e’lon qilingan edi.
Joriy yilning iyun oyida esa Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar turizm vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda ilk bor bo‘lib o‘tgan ushbu yig‘ilishda Qo‘qon shahri Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb e’lon qilindi.
Ikki ming yillik shonli tarixga ega bu shahar Turkiy dunyoning madaniyat, san’at, ilm-fan, adabiyot, din, savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlaridan biri sanaladi.
O‘zbekiston ana shunday qadimiy madaniyat o‘choqlariga boy mamlakat. Yurtimizning qaysi hududida bormang, yetti iqlimga dong‘i ketgan Qo‘qoni latifdek go‘zal va qadimiy obidalarga boy shaharlarni uchratasiz.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan oqilona tashqi siyosati tufayli o‘tgan ikki yilda O‘zbekiston Turkiy kengashning faol ishtirokchisi, tashkilotning qat’iy siyosiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan mamlakatiga aylandi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA