Turkiy dunyo san’atini o‘rganish yangi bosqichga ko‘tariladi
Andijon davlat universitetida “Turkiy dunyo san’ati: tarixiy-madaniy meros va zamonaviylik” mavzusida ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Bobur shahrida o‘tkazilayotgan Rassomlar festivali dasturi doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, TURKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizning turli hududlaridan hamda Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikalaridan tashrif buyurgan tasviriy va amaliy san’at sohasi vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, ijodkorlar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Anjuman ochilishida so‘z olgan TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev turkiy xalqlar san’ati dunyo tamaddunida o‘ziga xos o‘rin tutishi, turkiy dunyo san’atining qadim tarixi, an’ana va o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish va tadqiq etish, bu boradagi hamkorlikni mustahkamlashda ushbu anjuman muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilovaning “Markaziy Osiyo an’anaviy san’atida Tengri siymolari va ramzlari”, Anqara musiqa va tasviriy san’at universiteti An’anaviy turkiy san’atlar bo‘limi boshlig‘i, professor Ruhi Konakning “Turk islom tasviriy san’atida ifoda va shaklning o‘zaro bog‘liqligi”, Kamoliddin Bexzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti prorektori Dilfuza Qurbonovaning “Temuriylar amaliy san’atidagi badiiy uslublar evolyutsiyasi va turkiy estetik an’analarning o‘zaro ta’siri”, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Me’morchilik va san’at instituti yetakchi ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Elchin Shamillining “Turkiy madaniyatning vizual kodi zamonaviy san’at va dizayn asosi sifatida” mavzusidagi hamda boshqa qator soha olim va mutaxassislarning mavzu doirasidagi qiziqarli ma’ruzalari tinglandi.
[gallery-29499]
– Rassomlar festivali doirasida tashkil etilgan ushbu ilmiy-nazariy anjuman turkiy xalqlar tasviriy va amaliy san’at vakillarini bir-biriga yanada yaqinlashtirdi, – deydi Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Me’morchilik va san’at instituti yetakchi ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Elchin Shamilli. – Anjumanda tasviriy san’at, uning rang-tasvir, miniatyura va boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha turkiy xalqlar ijodidagi umumiy o‘xshashlik, o‘ziga xos jihatlar haqida juda ko‘p ma’lumotlar aytildi. Anjumanda bildirilgan yangi-yangi fikrlar, ma’lumotlar esa mutaxassislarining bilimlarini boyitish bilan birga, o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni yanada mustahkamlashga ham keng yo‘l ochib berdi.
Yakunda mavzu doirasidagi o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish, samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Anjumanning faol ishtirokchilariga TURKSOY tashkilotining sertifikatlari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.