Turk dunyosi arxeologlari yagona raqamli meros ma’lumotlar bazasini yaratadi
Vengriyada bo‘lib o‘tgan Turk dunyosi arxeologik tadqiqot institutlari va markazlari ittifoqining (ARICA) uchinchi yig‘ilishida qo‘shma tadqiqotlarni faollashtirish va yagona raqamli meros ma’lumotlar bazasini yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ta’kidlanishicha, “Turkiy mamlakatlardagi arxeologik joylarning elektron atlasi” loyihasi asosiy arxeologik joylarning joylashuvi, xronologiyasi, ilmiy xususiyatlari, fotosuratlari va tadqiqot natijalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Tadqiqotchilar va tadqiqot markazlari o‘rtasida doimiy ravishda ma’lumot almashish uchun ARICA raqamli portalini yaratish ham rejalashtirilgan.
Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga Ipak yo‘li shaharlari, ilk turkiy davr joylari, qadimgi sug‘orish tizimlari va Yevroosiyo ko‘chmanchi madaniyatlari merosini o‘rganish kiradi. Yig‘in yakunida turkiy dunyo tashkilotlari o‘rtasida qo‘shma arxeologik loyihalarni ishlab chiqish va tizimli ilmiy almashinuvni nazarda tutuvchi deklaratsiya qabul qilindi.
S.Rahimov, O‘zA