Turizm: yangi imkoniyatlar zarur
Buxoroga kelayotgan har bir sayyoh mehmonxona, restoran, transport, hunarmandchilik, savdo, gidlik va boshqa ko‘plab xizmatlar uchun yangi imkoniyat, mahalliy aholi uchun esa daromad manbaidir. Shuning uchun bugun turizmni rivojlantirish masalasi faqat sayyohlar sonini oshirish emas, balki Buxoroning har bir tarixiy ko‘chasi, har bir mahallasi va har bir xizmat turini iqtisodiy qiymatga aylantirish vazifasiga aylanmoqda.
Buxoro viloyatida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, mehmonxona va restoranlar, turoperatorlar, gid-ekskursovodlar hamda boshqa soha vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazilgani ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Unda Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Abdullayev boshchiligida soha oldida turgan masalalar, tadbirkorlarning muammolari va kelgusidagi imkoniyatlar ochiq muhokama qilindi.
Tarixiy shaharlarni obod qilish, turistik infratuzilmani kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni ochish, xususiy sektor uchun imtiyoz va preferensiyalar yaratish, xalqaro brendlarni jalb etish, xizmatlar sifatini oshirish — bularning barchasi mamlakatda turizmni yangi iqtisodiy drayverga aylantirish siyosati bilan uyg‘un.

Chunki Buxoro — oddiy turistik hudud emas. Unda asrlar davomida shakllangan me’moriy meros, ziyorat turizmi, hunarmandchilik, milliy taomlar, qadimiy mahallalar va noyob madaniy muhit bir nuqtada jamlangan. Shunday ekan, vazifa — mavjud boylikni shunchaki namoyish etish emas, uni zamonaviy turizm mahsulotiga aylantirish.
B.Zaripov soha vakillarini ochiq muloqotga taklif etib, birin-ketin ularning muammo va takliflarini tingladi. Bu kabi muloqotlar turizmning haqiqiy “ichki” muammolarini ko‘rish imkonini beradi. Chunki sayyohga xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkor har kuni amaliyotda nimalar to‘sqinlik qilayotganini, qaysi xizmatga talab yuqoriligini va turist nimadan qoniqmayotganini bevosita biladi.

Muloqotda turizm mavsumini uzaytirish masalasi alohida o‘rin egalladi. Bu juda muhim. Chunki turistik shahar uchun asosiy mezon faqat “qancha turist keldi?” degan savol emas. “Turist Buxoroda qancha kun qoldi va qancha xizmatdan foydalandi?” — mana shu savol ham iqtisodiy samarani belgilaydi.
Shu maqsadda yangi turistik lokatsiyalarni ko‘paytirish, mavsum past bo‘lgan davrlarda turli tadbirlar tashkil etish, ko‘ngilochar turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish taklif qilindi. Buxoroning kelajak turizmi — ko‘proq turist emas, ko‘proq taassurot va ko‘proq xizmatdan iborat bo‘lishi kerak.
Tadbirkorlar tomonidan zamonaviy muzey tashkil etish, turistlar uchun yengil konstruksiyali sanitariya shoxobchalarini qurish, Buxoro xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalida qo‘shimcha xizmatlarni kengaytirish kabi takliflar bildirildi.

Bu takliflarning har biri turistik muhitning bir muhim bo‘g‘inini to‘ldiradi. Qulay sanitariya shoxobchalari turistik madaniyatning eng oddiy, ammo, eng zarur talabi. Aeroport va vokzaldagi qo‘shimcha xizmatlar sayyohning Buxoroga kirib kelishidanoq unda ijobiy taassurot uyg‘otish vositasi. Ko‘ngilochar turizm esa tarixiy Buxoroni zamonaviy avlodning qiziqishlari bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatidir.
Muloqotda Imom al-Buxoriyning tug‘ilgan joyini ilmiy asosda aniqlash va u yerda yodgorlik o‘rnatish masalasining ko‘tarilgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu yerda masalaning nafaqat turistik, balki ilmiy va ma’naviy jihati bor. Tarixiy shaxslar bilan bog‘liq har qanday ma’lumot aniq ilmiy manbalar, tadqiqotlar va mutaxassislar xulosasiga tayanishi kerak. Shunda tarixiy meros turistik ob’ektga aylanish bilan birga, haqiqiy ilmiy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi. Bu esa Buxoroning ziyorat va ma’rifiy turizm salohiyatini yanada oshirishi mumkin.
Ochiq muloqotda kadrlar tayyorlash masalasi ham ko‘tarildi. Bu bejiz emas. Eng chiroyli mehmonxona, eng zamonaviy restoran yoki eng noyob turistik ob’ektning qiymati unda xizmat ko‘rsatayotgan insonning madaniyati va mahorati bilan o‘lchanadi. Turist Buxoroning obidalarini suratga oladi, ammo, ko‘pincha u shahar haqidagi eng kuchli taassurotni mehmonxona xodimi, ofitsiant, gid, taksi haydovchisi, sotuvchi, hunarmand bilan muloqotdan oladi.
Shuning uchun turizmda til biladigan, tarixni yaxshi anglaydigan, zamonaviy servis madaniyatiga ega, xushmuomala va tashabbuskor kadrlar tayyorlash strategik vazifadir.

Muloqotda ko‘tarilgan masalalardan yana biri Buxoroga xalqaro brendlarni jalb qilish bo‘ldi. Bu yo‘nalishda alohida qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Xalqaro brendlarning kirib kelishi raqobatni kuchaytiradi. Raqobat esa xizmat sifatini oshiradi. Biroq bu jarayon mahalliy tadbirkorlikni chetga surish emas, aksincha, uning o‘sishi uchun yangi muhit yaratishi kerak.
Yirik brend yonida mahalliy mehmonxona, milliy restoran, hunarmandchilik ustaxonasi, turistik agentlik va oilaviy biznes ham rivojlansa, turizmning iqtisodiy zanjiri yanada mustahkamlanadi. Natijada turist sarflagan mablag‘ning katta qismi hudud iqtisodiyotida qoladi.
Ochiq muloqotda bildirilgan takliflar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Eng muhimi, soha tadbirkorlarining muammo va takliflarini doimiy eshitib borish hamda ularga tezkor yechim topish maqsadida alohida Telegram kanali tashkil etilib, tadbirkorlar unga biriktirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri