Turizm ob’ektlarida xizmat ko‘rsatish sifati oshiriladi
O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biri sanaladi. Sohani yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sohani zamonaviy loyiha boshqaruvi asosida tashkil etish hamda ichki va tashqi turizm oqimini keskin oshirishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Qaror nafaqat turizm salohiyatini kengaytirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.
Qarorga ko‘ra, 2026–2027-yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha aniq va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berildi. Xususan, turizm va unga yondosh sohalarda jami 40 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani sohaning bandlikni ta’minlashdagi rolini yanada kuchaytiradi.
Yana bir muhim jihat, turizmni loyihaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazishdir. 31 ta yangi turizm ob’ektini tashkil etish hamda 34 ta ob’ekt uchun master-rejalar ishlab chiqilishi hududiy turizm klasterlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Infratuzilmani kengaytirish masalasi ham alohida e’tiborda. Joylashtirish vositalari sonini 8 ming 250 taga, mehmonxonalar sonini esa 1 ming 380 taga yetkazish rejalari turizm imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Moliyalashtirish mexanizmlarining takomillashtirilgani ham qarorning muhim jihatlaridan biridir. 2026-yilda qo‘shimcha 450 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi turizm salohiyati yuqori hududlarda infratuzilmani yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xorijiy va mahalliy turoperatorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarining joriy etilishi targ‘ibot ishlarida yangi bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Xususan, xorijiy turoperatorlar xarajatlarining qisman qoplanishi va mahalliy operatorlar uchun targ‘ibot xarajatlarining 25 foizigacha kompensatsiya qilinishi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozorida faolroq ishtirok etishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarni yo‘lga qo‘yish xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash turizmni yil davomida barqaror rivojlantirish imkonini beradi.
Qabul qilingan qaror O‘zbekistonda turizmni tizimli rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Unda infratuzilmani kengaytirish, boshqaruvni modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlar o‘zaro uyg‘un holda aks etgan. Eng muhimi, mazkur chora-tadbirlar yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlar rivojini jadallashtirish va mamlakatning xalqaro maydondagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA