Turizm ko‘chasi shaharga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi
Hududning turizm va xizmat ko‘rsatish salohiyatini rivojlantirish maqsadida Andijon shahrining Amir Temur shohko‘chasida 24/7 rejimda ishlaydigan ko‘cha tashkil etildi. Ushbu ko‘cha shahar aholisi va mehmonlarining ko‘ngilli dam olishi bilan birga, hudud obodligi va shaharsozlik qiyofasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Umumiy qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida tashkil etilgan ko‘chaning uzunligi 0,5 kilometr bo‘lib, unda keng piyodalar va velosiped yo‘laklari, zamonaviy selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Zamonaviy, o‘ziga xos qiyofaga ega mazkur ko‘chada “Fid ap”, “Jiotto”, “Violette” kabi yetakchi restoran va kafe brendlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 7 qavatli avtomobillar uchun avtomatlashtirilgan (liftli) avtoturargoh barpo etilgan.
[gallery-31792]
Joriy yil yakuniga qadar ushbu turizm ko‘chasida 50 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘cha ishga tushishi bilan 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ko‘chadagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining yillik savdo aylanmasi 20,4 milliard so‘mga, byudjet tushumini 2,4 milliard so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyiha asosida ko‘chaga kunlik tashrif buyuruvchi 5-6 ming nafar aholiga uzluksiz savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlanadi.
Ushbu turizm ko‘chasi nafaqat andijonliklar ko‘ngilli dam oladigan, balki sayyohlarni jalb etadigan shaharning gavjum maskanlaridan biriga aylanadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari