Turizm – iqtisodiy farovonlik omili
Hozirgi davrda turizm eng muhim muhim sohalardan biriga aylanib, butun dunyo va alohida mintaqa, mamlakatlar iqtisodiyotiga salmoqli ta’sir ko‘rsatmoqda. Davlatlar turistik salohiyatidan unumli foydalangan holda, savdo, transport, aloqa, qishloq xo‘jaligi, qurilish, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kabi muhim yo‘nalishlarni ham rivojlantirmoqda.
Shu bilan birga turizm orqali mamlakatlar o‘z imijini xalqaro miqyosda shakllantirib, yurt dovrug‘ini dunyoga taratyapti. Tabiiyki, ushbu sohani rivojlantirish davlatimizning ham doimiy e’tiborida.
O‘zAning navbatdagi suhbatdoshi – O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi professori Olim Astanaqulov ayni sohadagi islohotlarni yanajda rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar xususida mulohaza yuritadi.
– Olim aka, sizningcha qaysi mamlakatlarda turizm asosiy daromad manbai hisoblanadi?
– Turizm va rekreatsiya sohasi rivojlangan mamlakatlar, mintaqalar iqtisodiyotida ushbu sohaning o‘rniga baho berish uchun mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida mazkur sektor ulushiga e’tibor qaratish kerak. Ayni nisbat yuqori hududlarning aksariyati orollar, ekologiya turizmida yuksak salohiyatga yoki boy tarixga ega davlatlardir. Masalan, Karib dengizida mintaqasi, Okeaniya, shuningdek Yevropada Fransiya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Afrikada Misr kabi ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotida turizm yetakchi hisoblanadi.
Buni ma’lumotni jamlash va tahrirlashga ixtisoslashgan “Statista” onlayn platformasida keltirilgan 2023 yil yakuniga oid hisobotda ham ko‘rish mumkin. Sayohat va turizmdan eng ko‘p daromad oladigan AQSHda bu ko‘rsatkich 190,39 milliard dollar. Ikkinchi o‘rinda qayd etilgan Xitoy sayyohlikdan 154,02 milliard dollar foyda ko‘rgan. Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Ispaniya ham ro‘yxat boshida keltirilgan.

– Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish borasida qanday ishlar qilinyapti?
– Yurtimizda ham xalqaro va ichki turizmni rivojlantirish, mavjud salohiyat va resursdan samarali foydalanish dolzarb. 2023 yil 29 mart kuni sayyohlik salohiyatini oshirish masalasi muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha sifatida turizm orqali kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rni yaratish mumkinligini ta’kidlagan edi. 2023 yil qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham ushbu sohaga urg‘u berilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekistonda turizmning bir necha yo‘nalishini rivojlantirish uchun yetarli salohiyat, resurs mavjud. So‘nggi yillarda sektorning o‘sish sur’atini jadallashtirish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yurtimiz tarixiy-me’moriy yodgorliklari, iqlimi, o‘ziga xos boy tarixi bilan har qanday sayyoh e’tiborini torta oladi. Xivadagi Ichan-Qal’a majmuasi, Buxoroning tarixiy markazi, Shahrisabz va Samarqand shaharlari UNESCO “Jahon merosi” maxsus ro‘yxatidan joy olgani bejiz emas.
Diyorimiz geografik joylashuvi zamonaviy qulaylik va tabiat uyg‘unligini ta’minlaydigan faol sayohat uchun imkon yaratadi. Respublika hududida turfa tabiat landshafti – tog‘, vodiy, cho‘l, daryo va ko‘l bisyor. Shu bilan birga G‘arbiy Tiyon-Shon bo‘ylab piyoda yurish, alpinizm va chang‘ida uchish kabi ekstremal turlarni taklif etish mumkin.
Turizmning mamlakatimiz YAIMdagi ulushi 2016 yil 2,1 foizni tashkil etgan, 2017-2019 yillarda 2,5-2,6 foiz oralig‘ida edi. Afsuski, pandemiya tufayli ushbu ko‘rsatkich pasayib, 2020-2022 yillarda o‘rtacha 2,2 foizga teng bo‘ldi.
2023 yil soha salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinib, har bir viloyatning “tashrif qog‘ozi”ni ishlab chiqish, sayyohlik mavsumini uzaytirish, turizm salohiyatini jahonga targ‘ib qilish uchun 100 milliard so‘m ajratish chora-tadbirlari belgilandi.
Turizmni intensiv yoki ekstensiv rivojlantirish mumkin. Birinchi usulda asosiy e’tibor sayyohlar xarajatini oshirish, boshqacha aytganda mavjud miqdorni saqlagan holda, turistlarning mamlakatda qolish vaqtini uzaytirish orqali tushumni oshirish nazarda tutiladi. Ekstensiv rivojlantirishda esa oqimni tezlashtirish orqali daromad oshiriladi.
Biz turizmni har ikki yo‘nalishda rivojlantirishimiz lozim, chunki hali mavjud resurs, salohiyatdan to‘la foydalanayotganimiz yo‘q. Masalan, Xorazmda turistlarning o‘rtacha 2 kun bo‘ladi va taxminan 220 dollar sarflaydi. Bu zaminga xorijiy sayyoh Buxoro va Samarqandga nisbatan 2,5 barobar kam keladi. Aslida, Xorazmda turistni 3-4 kun “olib qolish” va 400-500 dollar xarajat qilishini ta’minlash uchun barcha shart-sharoit mavjud.

2022 yil 31 tuman, 143 mahalla turizmga ixtisoslashtirilib, ushbu hududlar uchun alohida soliq tartibi o‘rnatildi. Mazkur imkoniyatdan bugungi kungacha Forish, Urgut, Xo‘jayli, Payariq, Nurota tumanlari hamda Angren shahri foydalanmoqda, xolos. Temir yo‘ldan uzoq, infratuzilmasi yetarli takomillashmagan chekka hududlarda ham imkon yaratilib, turizmdan unumli foydalanilmoqda.
Hozir mehmondo‘stlik sektorida ayollar, yoshlar va aholining kam ta’minlangan qatlamini jalb etishga ko‘maklashadigan siyosat, strategiya va dasturlar muhim ahamiyatga ega. Yoshlar uchun o‘quv kurslari tashkil etish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olishi uchun ularga sharoit yaratib berish lozim. Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar tomonidan iste’molchilar ishonchini mustahkamlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazishga ehtiyoj kuchli.
– O‘zbekiston sharoitida turizmni rivojlantirish uchun yana qanday taklif, tashabbuslarni ilgari surish kerak, deb o‘ylaysiz?
– O‘zbekistonda turizmni barqaror rivojlantirish orqali bir necha ijtimoiy-iqtisodiy muammoga yechim topsa bo‘ladi. Bu soha ish o‘rni yaratish uchun eng qulay sektor hisoblanadi. Shuningdek, turizm iqtisodiyotning qator tarmoqlari, xususan qishloq xo‘jaligi bilan bevosita bog‘liq. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali turizmning yangi yo‘nalishlarini ochish, nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy ko‘rsatkichlarini o‘stirish, balki dunyoning turli mamlakatlarida ochlik muammosini bartaraf etish, mintaqalarda to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilish mumkin.
Mazkur sohani takomillashtirish orqali zamonaviy infratuzilma yaratiladi, barqaror sanoatlashtirishga erishiladi, innovatsiya keng ommalashadi. Turizm bandlikni, barcha uchun munosib mehnatni, gender tenglikni ta’minlashga ham hissa qo‘shadi. Bundan tashqari mamlakatlar va mintaqalar aro, mahalliy hududlar o‘rtasidagi tengsizlikni bartaraf etishga xizmat qiladi. Shahar va aholi manzillarining ochiqligi, xavfsizligi, ekologik barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston boy tarixi, me’moriy obidalari, muqaddas qadamjolari bilan odamlarga ma’naviy ozuqa beradi, izlanish uchun noyob manzillar taqdim etadi. Buxoroi sharifning muqaddas ziyoratgohlari, Imom Buxoriy, Hakim at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalar maqbaralarini ziyorat qilish yoki qadimiy Samarqand, Xiva shaharlarini tomosha qilish orqali unutilmas taasurot olish, merosimizni o‘rganib, madaniy boyliklarimiz qadriga baho berish mumkin. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, samimiyligi xorijliklar tashrifini unutilmas voqeaga aylantiradi.
Turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan mahsulot va xizmat turini ko‘paytirish va shu asosda mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida aynan mamlakatimiz uchun mos keladigan, masalan, madaniy-ma’rifiy, ziyorat, ekstremal va tog‘ turizmini rivojlantirish kerak. Bu jarayonda eng ilg‘or, innovatsion texnologiya asosida qo‘shimcha infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish, mahalla va qishloqlardagi tabiat, urf-odatdan kelib chiqib, turistik jozibadorlikni oshirish zarur. Buning uchun “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli”ni ko‘paytirish, avtomagistral yo‘llar bo‘ylab “O‘zbekiston turizm magistrali” transport yo‘lagi ochilishini jadallashtirish talab qilinadi.
Xulosa shuki, O‘zbekiston turizmni rivojlantirish, ziyoratgohlarni targ‘ib qilish orqali nafaqat ma’naviy qoniqish hissini ta’minlashi, balki yaxlit, hayajonli sayohat markaziga aylanishi mumkin.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.