Tuproqqal’ada “Loyihalar yarmarkasi”
Tuproqqal’a tumanida tijorat banklarining mahallalarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha “Loyihalar yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi.
Oltmish mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan tumanda mazkur yarmarka davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 16 dekabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish va tijorat banklarining rolini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilindi.
Tadbirda Markaziy bankning Xorazm viloyat bosh boshqarmasi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Navoiy shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, tijorat banklari mas’ullari, mahallalardagi hokim yordamchilari hamda tadbirkorlikni boshlash istagidagi fuqarolar ishtirok etdi.
Unda tijorat banklari kredit tariflari va tayyor biznes rejalarini ishtirokchilarga taqdim etdi. Shuningdek, banklar ko‘magida tadbirkorlikni rivojlantirgan lider tadbirkorlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etib, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yayotganlarga o‘z bilim va tajribalarini ulashdilar.
Yarmarkada “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalari asosida ishlab chiqilgan 70 dan ziyod biznes-reja taklif etildi.
[gallery-21332]
Tadbir davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, bank xizmatlaridan samarali foydalanish, bank kredit turlari, imtiyoz va qo‘llanilayotgan yangiliklar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Mehnat yarmarkasida 20 ga yaqin korxona va tashkilot, shuningdek, tijorat banklari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari