Tuproqni tahlil qilib ekish - hosilni 20 foizga oshiradi (+video)
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra tuproq xususiyatlarini yaxshi bilmay turib, mo‘l hosil yetishtirishning iloji yo‘q. Buni ayniqsa dalada “suyagi qotgan” fermer, tajribali dehqonlarimiz yaxshi biladi. Qishloq xo‘jaligida mahsulotlarni yetishtirishda hosildorlik birinchi navbatda tuproq unumdorligiga bevosita bog‘liqdir. Ammo, mineral o‘g‘itlardan noto‘g‘ri foydalanish, me’yorni bilmaslik oqibatida yerlar degradatsiyaga uchramoqda.
Respublikamizdagi sug‘oriladigan maydonlarning qariyb 55 foizi turli darajada sho‘rlangan. Mutaxassislarning aytishicha, agar ushbu sho‘rlanishning oldi olinmasa, yaqin yillar ichida bu kabi ekin maydonlaridagi hosildorlik 70% gacha tushib ketishi mumkin ekan.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti zimmasiga bu borada katta mas’uliyat yuklatilgan. Jumladan, yerlarning degradatsiyasi hamda cho‘llanishi jarayonlarining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha dolzarb fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, agrar soha uchun tavsiyalar ishlab chiqish.
-Hozirgi kunda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida paxta ekiladigan maydonlarning mikroelementlar bilan ta’minlanganlik kartogrammalarini ishlab chiqish bo‘yicha pilot loyihasi yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda, - deydi institutning kartografik tahlil bo‘limi boshlig‘i Suhrob Sanaqulov. - Bu loyihamizda Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 14 ta massiv, 22 167 gektar maydon tanlab olindi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, fermer va klasterlarga 1:10 000, 1:25 000 masshtabli mikroelementlar bilan to‘yinganlik darajasini ko‘rsatuvchi kartogrammalar taqdim etiladi.
Bugungi kunda institutning laboratoriyasida zamonaviy texnologiyalar yordamida sug‘oriladigan va lalmi yerlarning unumdorlik darajasini aniqlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, tuproqning holatini operativ kuzatish va diagnostika qilish, uning unumdorligini oshirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilyapti. Zero, tuproqning tarkibi, uning tuzilishini bilmasdan turib, yerlardan samarali foydalanib bo‘lmaydi.
Laboratoriyada o‘tkazilgan sinov natijalari tuproqning holati haqida ishonchli ma’lumot beradi va mutaxassislarning ekinlarga agrotexnik va meliorativ tadbirlarni, o‘g‘itlarni tabaqalashtirilgan holda me’yor va muddatini belgilashga yordam beradi. Ushbu ma’lumotlar fermer va dehqon xo‘jaliklariga maqbul usullarda taqdim etiladi. Shu bilan birga bugun soha to‘liq raqamlashtirilmoqda. Onlayn platforma orqali ham foydalanuvchilar o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni olishlari mumkin bo‘ladi.
Ekin mavsumida dehqonlarimizning yer maydonlaridan samarali foydalanishlarida, avvalo tuproqning tarkibi va holatini hisobga olgan xolda o‘simliklarning joylashtirishlari albatta kelgusida mo‘l hosil olishlariga zamin yaratadi.
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/zslWXfvqIBY" title="Tuproqni tahlil qilib ekish - hosilni 20 foizga oshiradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA