Tumanning chekka hududida kichik GES ishga tushdi
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Buloqboshi tumani Sarvontepa mahallasida loyihaviy quvvati 6,9 MVt-soat bo‘lgan "JFK-3" kichik gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga avvalgi yillardagi tashrifi davomida mamlakatimizda, xususan, Farg‘ona vodiysida aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari soni ortib borishi bilan elektr energiyasiga talab ortayotganligini ta’kidlab, ushbu muammoni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidro elektr stansiyalarni ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar bergan.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib, Andijon viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va energiya resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda


Viloyatda 2024-2025-yillar davomida investorlar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan 18 ta mikro va kichik gidroelektr stansiya ishga tushirildi. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilishi belgilangan.
Jumladan, Janubiy Farg‘ona kanalining Buloqboshi tumani Sarvontepa mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismda barpo etilgan loyihaviy quvvati 6,9 MVt bo‘lgan «JFK-3» kichik gidroelektr stansiyasi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarning biridir. Mazkur kichik GES yiliga o‘rtacha 33 million kVt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.


Loyihaning amalga oshirilishi hududning elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasida barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri